Davlat tiliga e'tibor har sohada muhim

    Akkreditatsiya sohasi o'ziga xos soha va unga tegishli hujjatlarda juda ko'p texnik so'zlar uchraydi.

    Konstitutsiyaga muvofiq O'zbekiston Respublikasining davlat tili — o'zbek tilidir. O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni hokimiyat va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritilishi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta'minlanishi belgilangan.

    “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” davlat korxonasida davlat tilida ish yuritish borasida qator amaliy faoliyat olib borilmoqda. Bunda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni va ushbu hujjatga ko'ra ishlab chiqilgan “2020—2030-yillarda o'zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasini 2020—2022-yillarda amalga oshirish dasturi” asos bo'lmoqda.

    Markazda muntazam ravishda davlat tilida ish yuritish, hujjatlar aylanmasi, hujjatlarni tayyorlash, murojaatchilarga javob qaytarish, buyruq, yo'riqnoma va boshqa hujjatlarni davlat tilida yuritish bo'yicha munozaralar o'tkazilib, bu borada uchrayotgan muammolar muhokama qilinyapti. Zotan, akkreditatsiya sohasi o'ziga hos soha va unga tegishli hujjatlarda juda ko'p texnik so'zlar uchraydi. Ularning o'zbek tilidagi muqobili esa har doim ham mavjud emas. Shu bois, hujjatlardagi aniqlikka e'tibor qaratish va shu bilan birga davlat tiliga rioya qilish o'ta muhim.

    Markazda rahbar va ma'sul lavozimlarni egallab turganlar uchun davlat tilini bilish va unda bemalol ish yurita olish talabi qo'yilgan. Shu maqsadda Markazning bir necha xodimlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O'zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslari va malaka oshirish markazida tahsil oldilar va mahsus sertifikatga ega bo'ldilar.

    “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DKda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to'liq o'tishni ta'minlash chora-tadbirlari to'g'risida”gi 61-son qarori ijrosini ta'minlash bo'yicha ham zarur ishlar olib borilmoqda. Unga ko'ra Markazning barcha me'yoriy hujjatlari o'zbek-lotin imlosida tayyorlanib kelinmoqda.

    “O'zbekiston akkreditatsiya markazi” DK matbuot xizmati