Davlat tiliga hurmatni har bir rahbar oʻzidan boshlashi kerak shunda kutilgan samaraga erishiladi

    Suhbat 1 May 2021 3819

    Maʼlumki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda nafaqat davlat tiliga eʼtibor kuchaydi, balki turli boʻgʻin rahbarlarining va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan kadrlarning oʻzbek tilini bilish darajasiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maʼnoda, Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha saʼy-harakatlar bugun avj pallaga kirdi.

    Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-fevralda “Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan 2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Rustam TURSUNOV bilan makzkur talab va u bilan bogʻliq jarayonlar xususida suhbatlashdik.

    — Shu paytgacha ayrim tashkilotlar rahbarlarining oʻzbek tilida qiynalib soʻzlashishlariga guvoh boʻlib keldik. Bu qaysidir maʼnoda taʼbni xira qiladigan holat. Endilikda rahbarlarga ham oʻzbek tilini bilish talabi qoʻyilmoqda. Mazkur talab avvallari faqat qogʻozda aks etgan boʻlsa, hozir bu masalaga jiddiy kirishildi. Bu jahon tajribasida yangilik emas, aslida yaqin qoʻshni davlatlarda bunday amaliyot anchadan beri mavjud. Shunday emasmi?

    — Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz tarixiy nutq irod etib, “Har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”, deya taʼkidlagan edi. Bas, ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻi ekanini eʼtirof etar ekanmiz, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizga aylanishi lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra, Davlat test markazining dt.dtm.uz alohida onlayn platformasi ishlab chiqildi va talabgorlar u orqali 2021-yil 1-apreldan roʻyxatdan oʻtishni boshladi. Buning uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar hamda Davlat test markazi xodimlari birgalikda Test topshiriqlari formati va baholash mezonlarini ishlab chiqdi. U Davlat test markazining Ilmiymetodik kengashida tasdiqlandi. Bu jahon amaliyotida qoʻllaniladigan jarayon.

    Rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilishi kerakligi Germaniya, Fransiya, Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va boshqa koʻplab davlatlarning qonunchiligida belgilab qoʻyilgan. Masalan, Rossiya Federatsiyasining davlat xizmatiga qabul qilish va har qanday davlat xizmatining lavozimini egallash uchun zarur boʻlgan bilimlarni aniqlash uchun oʻtkaziladigan test sinovlarining yoʻnalishlaridan biri rus tilini bilish boʻyicha test sinovi hisoblanadi. Ozarbayjon Respublikasida esa Davlat xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar boshqa yoʻnalishlar bilan bir vaqtda davlat tilini bilish boʻyicha imtihondan oʻtadi. Sinov oʻtkaziladigan barcha yoʻnalishlardan ijobiy natija koʻrsatgan talabgorlarga tegishli tartibda sertifikat beriladi va davlat xizmatiga tavsiya etiladi.

    — Oʻzbekistonda bu jarayonni amalga oshirish mexanizmlari qanday omillar asosida takomillashtirildi?

    — Test topshiriqlari davlat tilida ish yuritish oʻquv dasturiga koʻra, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida shakllantirilmoqda. Topshiriqlarda talabgorning publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy matnni oʻqib tushunish hamda imlo qoidalarini toʻgʻri qoʻllay olish koʻnikmalari baholanadi. Aytish kerakki, rahbar kadrlarning hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash tizimi odatdagilaridan farq qiladi. Bunda savollar “yopiq” va “ochiq” turlarga boʻlingan. Yopiq test — talabgorga bir nechta javob variantlari bilan beriladigan topshiriqlar. Talabgorga test sinovida oʻqib tushunish, yozma adabiy meʼyorlar, yaʼni imlo qoidalari, soʻz va qoʻshimchalarni qoʻllashga oid hamda tinish belgilarining ishlatilish oʻrinlari yuzasidan yopiq testlar beriladi. Bunda talabgordan toʻgʻri javobga ega muqobil javobli topshiriqlarni ishlashi talab etiladi. Ochiq testda esa muqobil javob variantlari berilmaydi, yaʼni talabgor tomonidan javoblar varaqasi qisqa yoki kengaytirilgan shaklda yozib toʻldiriladi. Shuningdek, imtihon topshiruvchi rasmiy hujjatni shakllantira olishi va bugungi kundagi dolzarb va rahbarlik faoliyatiga oid mavzularda esse yoza olishi kerak. Boshqacha aytganda, davlat tilida fikr bayon qilish koʻnikmalari ham sinovdan oʻtkaziladi.

    Sinov variantlari hozirda 14 ta vazirlik va idoralarning masʼul lavozimlarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlari ishtirokida Davlat test markazida aprobatsiyadan oʻtkazildi. Aprobatsiya natijalariga koʻra, test variantining ishonchlilik koeffitsiyenti 0,818 ni koʻrsatdi (ishonchlilik koeffitsiyentiga qoʻyilgan mezonlarga asosan natija 0,8 dan yuqori boʻlsa, test topshiriqlarining oʻzaro ichki muvofiqligi yaxshi darajada deb baholanadi). Aprobatsiya natijalari mutaxassislar tomonidan tahlil qilinib, tegishli tavsiyalar berildi. Hozirda berilgan tavsiyalardan kelib chiqqan holda, test topshiriqlari takomillashtirilmoqda.

    2021-yil 5-may kuni respublikamizning barcha hududlarida roʻyxatdan oʻtgan talabgorlar test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Bunda test sinovlari hududlardagi oliy taʼlim muassasalari auditoriyalarida karantin talablariga qatʼiy rioya qilingan holda, Davlat test markazining hududiy boʻlimlari tomonidan tashkillashtiriladi. Test topshiriqlari hududlarga Davlat feldyegerlik xizmati tomonidan yetkaziladi.

    Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan anʼanaviy shaklda, toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkaziladi. Jarayon toʻgʻridan-toʻgʻri internet orqali translyatsiya qilib boriladi. Kelajakda esa test sinovlarini kompyuterda onlayn tarzda oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Bu borada Davlat test markazi tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

    — Shu oʻrinda qarorda qayd etilgan “rahbar kadrlar” va “masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar” tushunchalariga izoh bersangiz? Shu bilan birga, mazkur qaror davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida kimdan tortib, kimgacha taalluqli, yaʼni bu borada lavozim “chegarasi”ni qanday ochiqlaysiz? Umuman, hujjatda keltirib oʻtilgan “rahbar kadrlar” va “masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar” uchun test sinovidan oʻtish talablari bir xilmi?

    — Juda oʻrinli savol berdingiz. Demak, rahbar kadrlar deganda, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, qoʻmitalar, markazlar, inspeksiyalar va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari va rahbar oʻrinbosarlari tushuniladi. Masʼul lavozimga tayinlanadigan shaxslar deganda esa tashkilotlarning markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va rahbar oʻrinbosarlari hamda boshqa boshqaruv xodimlari, yaʼni boshqarma boshliqlari, boʻlim boshliqlari va bosh mutaxassislar nazarda tutiladi.

    Umuman olganda, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida davlat tilini bilish darajasini aniqlash lozim boʻlgan masʼul lavozimlar roʻyxati koʻrsatib oʻtilgan. Bunda ular ikki toifaga ajratilgan:

    1. Vazirlar Mahkamasi va davlat boshqaruv organlari boʻyicha: — Vazirlar Mahkamasi hamda vazirliklar, davlat qoʻmitalari, qoʻmitalar, markazlar, inspeksiyalar va boshqa davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari, markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

    — Davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

    — Davlat boshqaruvi organlarining tizimidagi boshqa tashkilotlarning rahbarlari, rahbar oʻrinbosarlari va boshqa boshqaruv xodimlari.

    2. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boʻyicha: — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) hokimlari hamda ularning oʻrinbosarlari.

    — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) hokimliklari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari hamda boshqa boshqaruv xodimlari.

    Misol sifatida biror vazirlikni oladiganboʻlsak, vazirdan tortib bosh mutaxassisgacha boʻlgan barcha boshqaruv xodimlari mazkur test sinovlarida ishtirok etishlari kerak boʻladi.

    Test sinovidan oʻtish talablariga kelsak, rahbar kadrlar va masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun test sinovidan oʻtish talablari bir xil.

    — Agar talabgor test sinovida yetarli ball toʻplay olmasa, u qayta imtihon topshirgunga qadar uning ish oʻrni vakant boʻlib turadimi yoki u lavozim vazifasini bajarishga kirishaveradimi? Yoki deylik, buyruq chiqib lavozimga tayinlangan shaxs (anʼanaviy) va eng yuqori Rahbariyat tomonidan favqulodda lavozimga tayinlangan shaxs uchun(noanʼanaviy) testdan oʻtish tartibi nimasi bilan farq qiladi?

    — Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida test sinovida yetarli ball toʻplay olmagan talabgor lavozimdan ozod etilishi yoki u qayta imtihon topshirgunga qadar uning ish oʻrni vakant boʻlib turishi toʻgʻrisida alohida talab belgilanmagan

    Biroq talabgorlar test sinovidan oʻta olmasa, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida davlat tili boʻyicha malaka oshiradi va qayta test sinovlarida ishtirok etadi.

    Test sinovlarida bir necha bor ishtirok etsa ham ijobiy natijaga erisha olmagan talabgorlar haqidagi maʼlumotlar Davlat test markazi tomonidan umumlashtirilgan holda Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi. Yuborilgan maʼlumotlar rahbariyat tomonidan koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.

    — Talabgorlardan test sinovlarida ishtirok etish uchun nimalar talab etiladi? Ular test sanasigacha qanday bosqichlardan oʻtishlari kerak?

    — Testdan oʻtish tartibining oʻziga yarasha talablari ishlab chiqilgan. Onlayn roʻyxatdan oʻtish boʻyicha barcha vazirlik va idoralarga yoʻriqnoma taqdim etilgan. Talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida platformada roʻyxatdan oʻtish boʻyicha yoʻriqnoma hamda videorolik ham joylashtirilgan.

    Avvalo, roʻyxatdan oʻtish uchun talabgor dt.dtm. uz platformasiga kirganda, dastlab telefon raqamini tasdiqlash oynasi chiqadi. Talabgor tomonidan telefon raqami kiritilganda, uning telefon raqamiga tasdiqlash uchun SMS xabar yuboriladi. Tasdiqlash oynasiga SMS xabarda yuborilgan 5 xonali raqam kiritilib, telefon raqami tasdiqlanadi. Shundan soʻng, tizimga pasport yoki ID maʼlumotlari (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, pasport seriyasi va raqami) kiritiladi. Agar talabgorning maʼlumotlari Yagona milliy mehnat tizimida mavjud boʻlmasa, u ishlaydigan tashkilot tomonidan maʼlumotlar mazkur tizimga kiritilishi lozimligi toʻgʻrisida xabarnoma chiqadi. Maʼlumotlar kiritilgach, talabgor roʻyxatdan oʻtishni davom ettirishi mumkin boʻladi.

    Agar talabgorning maʼlumotlari tizimda mavjud boʻlsa, test topshirish xududi tanlanadi. Shundan soʻng, unga shaxsiy kabinet yaratiladi va uning maʼlumotlari haqiqatan ham lavozimga tavsiya etilganini tekshirish va tasdiqlash uchun Yagona milliy mehnat tizimi orqali talabgor ishlaydigan tashkilotga yuboriladi. Ular tekshirilib, tasdiqlangandan soʻng, talabgorning shaxsiy kabinetida arizasi qabul qilinganligi haqidagi maʼlumot paydo boʻladi.

    Talabgorlarni roʻyxatga olish jarayoni toʻliq yakunlangandan soʻng, ularning shaxsiy kabinetida test topshirish joyi va vaqti koʻrsatilgan ruxsatnoma shakllanadi hamda bu toʻgʻrida uning telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi.

    — Imtihon pullikmi yoki bepul tashkil etiladimi? Agar pullik boʻlsa, toʻlov qanday amalga oshiriladi?

    — Test sinovlari bepul tashkil etiladi. Lekin test sinovidan oʻta olmagan va sinovlarda qayta ishtirok etadigan talabgorlar roʻyxatdan oʻtish vaqtida bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida toʻlovni amalga oshirishi lozim. Buning uchun talabgorga roʻyxatdan oʻtish vaqtida 14 xonalik raqamdan iborat invoys shakllantiriladi. Davlat test markazining maxsus platformasi Yagona billing tizimiga integratsiya qilingan boʻlib, toʻlovni Click, Payme, Upay va Paynet kabi elektron toʻlov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish mumkin.

    Shuningdek, test sinovida qayta ishtirok etuvchilar Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida davlat tili boʻyicha malaka oshirgan boʻlishlari va bu toʻgʻrisida sertifikat olishlari zarur. Talabgor haqiqatan ham malaka oshirish kursida ishtirok etib, sertifikat olganligini tekshirish uchun uning maʼlumotlari Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markaziga yuboriladi. Markaz tomonidan talabgorning malaka oshirganligi tasdiqlangandan soʻng, talabgorning shaxsiy kabinetida arizasi qabul qilinganligi haqidagi maʼlumot paydo boʻladi.

    — Imtihonlar qayerda tashkil etilishi va imtihon natijalari qachon eʼlon qilinishi haqida ham maʼlumot bersangiz.

    — Test sinovi respublikamizning barcha hududlarida tashkil etiladi. Bunda talabgor roʻyxatdan oʻtish vaqtida imtihon topshirish hududi sifatida qayerni tanlagan boʻlsa, oʻsha hududdan test sinovida ishtirok etadi.

    Natijalar test sinovi yakunlangandan soʻng (yopiq testlar 3 kun, ochiq testlar 15 kun ichida) eʼlon qilinadi va eng yuqori ballning kamida 70 foizini toʻplagan shaxslarga sertifikat beriladi. Bunda talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuklab oladi. Mazkur jarayonlarning barchasi elektron tarzda amalga oshiriladi.

    — Deylik, masʼul lavozimda faoliyat koʻrsatib kelayotgan shaxs sertifikat olgach, 2 yildan keyin rahbarlikka tayinlandi. Sertifikatning qolgan 3 yili bilan faoliyatini davom ettira oladimi?

    — Avval olgan sertifikati amal qilish muddati 5 yil, demak, mazkur davr davomida nomzod qayta imtihon topshirishi talab etilmaydi. Yaʼni boshqa lavozimga oʻtganda ham faoliyatini davom ettira oladi.

    — Test topshiruvchilar oʻz natijalarini qanday biladi? Agar talabgor javoblar natijasidan qoniqmasa, qayerga murojaat qilishi mumkin?

    — Test natijalari Davlat test markazining maxsus platformasida, yaʼni dt.dtm.uz saytida eʼlon qilinadi. Talabgor saytga kirib, shaxsiy kabinetidan oʻz natijalarini bilishi mumkin.

    Agar talabgor oʻz javoblari natijasidan qoniqmasa, test natijalari toʻliq eʼlon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida apellyatsiya arizasini berishi mumkin. Bunda talabgorning arizasi apellyatsiya arizalarini qabul qilish toʻliq yakunlangandan soʻng uning ishtirokida 3 ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.

    — Albatta, ushbu katta jarayonga tayyorgarlik koʻrish, qonuniy asoslarini yaratish mobaynida mutaxassislar fikri va yuqorida taʼkidlanganidek, xorij tajribasi chuqur oʻrganilgan. Savol shuki, mazkur choratadbirlardan qanday samara va natijalar kutish mumkin?

    — Avvalo, shuni aytib oʻtishim kerakki, bu — joriy qilinayotgan yangi tizim. Shunday ekan, dastlabki bosqichda ayrim kamchilik va xatolar boʻlishi mumkin. Amaliyot davomida bu tizim takomillashtirib boriladi. Zero, Vazirlar Mahkamasining qarorida ham ushbu jihat eʼtiborga olingan. Yaʼni hujjatda “Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar 2021-yil yakunlari boʻyicha test jarayonlari natijalarini puxta tahlil qilgan holda, mazkur tizimni yana-da takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritishi” koʻrsatib oʻtilgan.

    Maqsad esa ayon — oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini yuksaltirishda yuqori natijalarga erishish. Oʻzbek tilini siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviymaʼrifiy va boshqa sohalarda qoʻllash doirasi kengayib, undan davlat tili sifatida toʻliq va toʻgʻri foydalanish taʼminlanadi. Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlari rahbar xodimlariga davlat tilini talab darajasida bilish va unga hurmat bilan munosabatda boʻlish majburiyati yuklanadi, barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish salohiyatiga ega boʻlgan malakali kadrlar faoliyat koʻrsata boshlaydi.

    Yana bir mulohaza: ayrim rahbarlarimiz test topshirish jarayoniga muammo sifatida qarayotgandek, nazarimda. Bunday emas, masalaga muammoning yechimi sifatida qarash lozim. Chunki aslida davlat tilini bilmaslik va davlat tilida toʻgʻri ish yurita olmaslik muammo, ammo davlat tilini oʻrganish, oʻzlashtirish ushbu muammoning yechimi boʻla oladi.

    Muxtasar aytganda, rahbarlar, u qaysi tashkilot rahbari boʻlishidan qatʼiy nazar, davlat tiliga hurmatni oʻzidan boshlasa butun tizim unga ergashadi, ulgi oladi.

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri Nodir MAHMUDOV suhbatlashdi.