Davlat tilini o'qitishda Finlyandiya tajribasi

    Keyingi yillarda ona tilimizni asrab avaylash, davlat tili sifatidagi maqomini ko'tarish, jahon miqyosida o'rganilishini rag'batlantirish va targ'ibotini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Prezidentimizning oʻtgan yili 6-noyabrdagi taʼlim tizimini isloh qilishga doir farmon va qarorlarida Finlyandiya tajribasini oʻrganish masalasi tegishli idoralar, jumladan, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi oldiga vazifa sifatida qoʻyilgan edi. Shunga koʻra mazkur davlat tajribasi oʻrganilmoqda.

    Bu saʼy-harakatlar zimmamimizga mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarida oʻzbek tilini oʻqitish samaradorligini oshirish masʼuliyatini yuklamoqda. Bu borada ham ilgʻor xorijiy davlatlar, xususan, Finlyandiya tajribasi oʻrganilyapti.

    Ayni paytda mazkur mamlakatdagi 2341 ta maktabda 560 ming nafar oʻquvchi tahsil olyapti. Finlyandiya maktablari oʻquv rejasiga koʻra, toʻqqiz yillik haftalik umumiy yuklama 233 soat. Bu koʻrsatkich Oʻzbekistonda 246 soatni tashkil etadi. Finlar shundan 42 soatini ona tili va adabiyot faniga ajratadi. Mamlakatimizda ona tili va adabiyot fanining ulushi 2018-yilda 61 soatni tashkil etgan, 2021-yilda esa 51 soatga tushgan.

    Ammo oʻzbek tili (davlat tili)ning ulushi 2018-yildagi 16 soatdan bu yil 21 soatga koʻtarilgan. Bu mamlakatimizda taʼlim oʻzbek tilidan boshqa tilda olib borilayotgan maktablarda davlat tilini oʻqitishga eʼtibor kuchaytirilganidan dalolat beradi.

    Xuddi shunday koʻrsatkichlar, yaʼni ona tili va adabiyoti fanining boshqa barcha fanlarga nisbatan ulushi Germaniyada 13,4 foiz, Janubiy Koreyada 17,8 foiz, Yaponiyada 19,1 foiz, Rossiyada 17,5 foiz, Belarusda 13,4 foizni tashkil etishi kuzatildi.

    Finlyandiya maktablarida ona tili sifatida fin, shved, sami, sigan tili oʻqitiladi. Mamlakatda ikkita davlat tili mavjud. Ona tili fin tili boʻlganlar shved tilini, ona tili shved tili boʻlganlar fin tilini davlat tili sifatida oʻrganadi. Ona tili sami yoki sigan, rus tili boʻlganlar ham fin yoki shved tilini oʻrganishadi.

    Mamlakatimizda umumiy oʻrta taʼlimning yangidan ishlab chiqilayotgan Milliy oʻquv dasturida “Til va adabiyot fanlari ona tili, adabiyot, oʻzbek tili (taʼlim boshqa tillarda olib boriladigan maktablar uchun), qardosh tillar (qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman), rus tili (taʼlim rus va oʻzbek tilida olib boriladigan maktablar uchun) oʻquv predmetlarini qamrab oladi hamda ularning oʻzaro aloqadorligini taʼminlaydi”, deb qayd etilgan.

    Bugungi kunda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taʼlim yetti tilda olib boriladi. Jumladan, 2 ming 69 ta maktabda taʼlim rus, qoraqalpoq, qozoq, tojik, turkman, qirgʻiz tillarida olib boriladi va har bir millat vakillari uchun millatlararo bagʻrikenglik tamoyili asosida zarur sharoitlar yaratilgan. Oʻquv jarayoni oʻquvchilarning oʻz ona tilida tashkil etilgan va ushbu maktablarning har birida barcha fanlardan darslik va oʻquv metodik adabiyotlar mavjud.

    Fin taʼlim tizimida oʻquvchilarning til oʻrganish qobiliyatini rivojlantirish bolalikdan boshlanadi va hayot mobaynida davom etadi. Bu jarayon uyda, maktabda va maktabdan tashqari vaqtlarda rivojlantiriladi. Maktabda til oʻqitishning asosiy prinsipi turli vaziyatlarda tildan foydalanishga oʻrgatish hisoblanadi.

    Birinchi-ikkinchi sinflarda ona tili va adabiyotni oʻqitishda oʻquvchilarning individual qobiliyatini hisobga olgan holda ongli yondashish, oʻzini namoyon qilish va muloqot layoqatini, shuningdek, tinglash, gapirish, oʻqish va yozish qobiliyatini rivojlantirish alohida vazifa hisoblanadi.

    Uchinchi–oltinchi sinflarda fanning oʻziga xos maqsadi oʻquvchilarni oʻzini namoyon qilish, oʻzaro taʼsir oʻtkazish, oʻqish va yozish qobiliyatini oshirishga qaratiladi. Bundan tashqari, ushbu bosqichda matn janrlari doirasi kengayadi. Oʻquvchilarga koʻproq turli matnlarni talqin va tahlil qilish, tuzish va baholash koʻnikmalari oʻrgatiladi. Bolalar tanlagan qiziqarli kitoblar va boshqa multimediali matnlar oʻquv jarayonida qoʻllanadi. Oʻquvchilar oʻqish orqali dunyoqarashini kengaytiradi. Maktabdan tashqari madaniy va multimedia xilma-xilligi orqali ona tili va adabiyotini oʻrganish imkoniyatidan keng foydalaniladi.

    Oʻzbekistonda esa oʻquvchiga tilni oʻqitish orqali u boʻyicha egallanadigan nutqiy faoliyat turlari: tinglab tushunish, gapirish, oʻqish va yozish amallarini har bir sinfda oʻrgatish, mustaqil fikr almasha olish, eshitilgan matnni idrok etish, yozma manbalarni oʻqish orqali axborot olish, voqea-hodisalarga oʻz munosabatini bildirish malakasini egallash dinamikasi nazarda tutiladi.

    Adabiyot — soʻz sanʼati. Shu sababli ona tilini puxta oʻzlashtirmasdan turib, adabiyotning goʻzalligi va qudratini anglab boʻlmaydi. Ona tili va adabiyot fani darslari mazmuni oʻquvchida soʻzga qiziqish va eʼtibor hissini muntazam oʻstirib borishdan, ularga soʻzning ahamiyati, turli matnlarda tutgan oʻrnini tushuntirishdan iborat.

    Oʻzbekiston Milliy oʻquv dasturida maktab bitiruvchilarida til va adabiyot fanlari boʻyicha rivojlantiriladigan umumiy kompetensiyalar belgilanmoqda. Ularni nutqiy (ogʻzaki va yozma nutq malakasi, oʻqish va tushunish, tinglab tushunish) hamda lingvistik kompetensiyalar (lingvistik malaka: fonetika, imlo, leksikologiya, morfologiya, sintaksis) orqali shakllantirish koʻzda tutilgan.

    Finlyandiya maktablarida oʻquvchilarning til koʻnikmalari va milliy madaniyati hisobga olinadi. Maktab boshqa ona tilida soʻzlashadigan va boshqa madaniyatga mansub boʻlgan oʻquvchilar uchun oʻrganish hamda muloqot qilish imkoniyatini yaratishi kerak. Oʻqituvchilar oʻz fani boʻyicha fin va shved tilida dars bera olishi lozim. Barcha koʻrsatmalar umumiy oʻrta taʼlim uchun oʻquv dasturida belgilangan muddao va tamoyillarga muvofiq boʻlishi koʻzda tutiladi. Maqsad oʻquvchilarni turli til va madaniyatlarni qadrlashga oʻrgatish, ikki va koʻp tillilikni targʻib qilish va shu orqali oʻquvchilarning lingvistik bilimlari va metalingvistik koʻnikmalarini mustahkamlashdan iborat.

    Yana bir holat borki, muayyan sinf yoki maktabda taʼlim qaysi tilda olib borilishi taʼlim toʻgʻrisidagi qonun doirasida, taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari qarorlari asosida belgilanadi Biroq zarurat boʻlsa, ona tili va adabiyot boʻyicha darslar hukumat qaroriga muvofiq birlashtirilishi mumkin. Bunday holda oʻqituvchilar umumiy oʻqitiladigan barcha fanlarning kamida yarmini ona tili sifatida belgilangan tilda oʻtishi kerak. Bu jarayonda oila va maktab oʻrtasidagi oʻzaro kelishuvga amal qilinadi.

    Ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarni chet tili sifatida oʻrganish oʻquvchilarda koʻp tillilik, savodxonlik kompetensiyalarini shakllantiradi. Mutaxassislarning fikricha, fin tilini juda kam davlatlarda tushunishadi. Shuning uchun finlar dunyo aholisi muloqot qiladigan asosiy chet tillarni yuqori darajada oʻrganishni maqsad qilgan. Qolaversa, turli tillarda soʻzlashish qobiliyati fanlararo integratsiyani mustahkamlashga yordam beradi.

    Abdurahim NOSIROV,

    Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

    boshligʻi maslahatchisi, filologiya fanlari doktori