Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida ayrim toifadagi oʻquvchilar qoʻshimcha taʼlimga jalb qilinadi

    Hukumat qarori (365-son, 14.06.2025-y.) bilan “Davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida ayrim toifadagi oʻquvchilarni maktabdan tashqari taʼlimga jalb qilish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

    Nizom davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida ayrim toifadagi oʻquvchilarni qoʻshimcha taʼlimga jalb qilish hamda oʻqitish xarajatlarining 80 foizini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibini belgilaydi.

    Ayrim toifadagi oʻquvchilar Kambagʻal oilalar reyestridagi oilalarning umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida taʼlim olayotgan farzandlari hisoblanadi.

    Oʻquvchilar toʻgaraklarga ixtiyoriylik asosida jalb etiladi.

    Oʻquvchilarning ota-onalari hamda taʼlim tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzish YAIDXP (my.gov.uz) orqali amalga oshiriladi.

    Taʼlim tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha 1 nafar oʻquvchiga har bir toʻgarak uchun 1 oylik toʻlov quyidagi miqdorlardan oshmaydi:

    • 7-11 yoshdagi oʻquvchilar uchun darsdan keyingi qoʻshimcha taʼlim (uzaytirilgan kun guruhlari) uchun BHMning 1 baravaridan;
    • 12-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun umumtaʼlim fanlari, 15-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun xorijiy til yoʻnalishlaridagi toʻgaraklar uchun BHMning 2 baravaridan;
    • 15-18 yoshdagi oʻquvchilar uchun axborot texnologiyalari, kasb-hunar yoʻnalishlaridagi toʻgaraklar uchun BHMning 4 baravaridan.

    Toʻgarak toʻlovining 80 foizi Davlat byudjetidan, 20 foizi oʻquvchining ota-onasi tomonidan toʻlanadi.