Nizom 2024-yil 1-iyuldan kuchga kiradi. Davlat uy-joy fondidan foydalanishga arizalar faqatgina davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali qabul qilinadi.
Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar hisoblanadi:
- turar joy maydoniga ega boʻlmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylar (baraklar, vaqtinchalik uylar, avariya holatidagi uylar, yertoʻlalar)da yashovchi fuqarolar;
- har bir oila aʼzosi 16 kvadrat metrdan, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 23 kvadrat metrdan kam boʻlgan turar joy bilan taʼminlanganlar;
- yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar, bundan mavsumiy va vaqtinchalik xodimlar, shuningdek, oʻqishlari sababli yotoqxonalarga koʻchib oʻtgan fuqarolar mustasno;
- qarindoshlik aloqalari boʻlmagan ikki va undan koʻp oila boʻlib bir kvartirada yashovchilar;
- ayrim surunkali kasalliklarning ogʻir turlari bilan kasallangan fuqarolar;
- uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3-yil yashayotgan va roʻyxatda turgan fuqarolar.
Quyidagilar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar hisoblanadi:
- 1941-1945-yillardagi urush faxriylari va baynalmilal jangchilar;
- shartnoma boʻyicha harbiy xizmatdan zaxiraga boʻshatilgan yoki isteʼfoga chiqqan harbiy xizmatchilar;
- ayrim surunkali kasalliklarning ogʻir turlari bilan kasallangan fuqarolar;
- koʻp bolali oilalar;
- chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;
- uch nafar va undan ziyod mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari boʻlgan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar;
- ishlamaydigan I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar;
- keksayib qolgan yolgʻiz pensionerlar - yolgʻiz yashaydigan keksalar, voyaga yetmagan bolalar yoxud qamoqda va jazoni ijro etish muassasalarida, uzoq muddat davolanishda boʻlgan shaxslar bilan birga yashaydigan oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan pensiya yoshidagi shaxslar (60 yoshga yetgan erkaklar, 55 yoshga yetgan ayollar);
- bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxs hisoblangan 18 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironligi boʻlgan bolalari bor oilalar.
Murojaat maxsus komissiya tomonidan 10 kun ichida koʻrib chiqilib, natijasi boʻyicha shaxsni uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarning roʻyxatiga kiritish haqida qaror qabul qilinadi. Murojaatni koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim undirilmaydi.
Uy-joy fuqarolarga ushbu aholi punktida foydalanishga topshirilayotgan va boʻshayotgan uy-joylarning maydonidan kelib chiqqan holda, roʻyxatda belgilagan navbat asosida taqdim etiladi.
Uy-joy ajratish toʻgʻrisidagi qarorga asosan tuman (shahar) hokimiyati tomonidan order shakllantirilib murojaatchiga davlat xizmatlari markazi yoki YAIDXP orqali yuboriladi.
Fuqaro orderni olgandan soʻng 10 kun ichida uy-joyni balansda saqlovchi tashkilot bilan ijara shartnomasi tuzadi. Fuqaro va uning oila aʼzolari order berilgan kundan boshlab oʻttiz kun ichida turar joyga koʻchib kirishi lozim.