Qarorga koʻra, 2024-yil 1-sentyabrdan elektron doʻkon vositasida davlat xaridlarini amalga oshirishda narx va boshqa sharoitlar teng boʻlgan hollarda, belgilangan mezonlarning biri asosida nogironligi boʻlgan shaxslar, xotin-qizlar va yoshlarning bandligini taʼminlagan kichik tadbirkorlik subyektlarining takliflari ustunlikka ega boʻladi.
2024-yil 1-sentyabrdan 2025-yil 31-dekabrgacha kichik biznesga koʻmaklashish markazlari yordamida ishlab chiqilgan loyihalar doirasida import qilinadigan asbob-uskunalarni sugʻurtalash hamda xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlarining 50 foizigacha qismini, biroq BHMning 30 baravaridan (10 mln 200 ming soʻm) oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish va ushbu tizimda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2024-yil 1-oktyabrdan davlat buyurtmachilari tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar ular tuzilishidan oldin kamida 1 ish kuni, shuningdek, tender savdolari natijalariga koʻra rasmiylashtirilgan bayonnomalar davlat xaridlari maxsus axborot portaliga joylashtirish orqali kamida 2 ish kuni davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi.