Xususan, o‘tgan 2025-yilda davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan jami boshlang‘ich qiymati 18,8 trln. so‘m bo‘lgan 23 mingdan ortiq davlat xaridlari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Unda buyurtmachi va ishtirokchilar tomonidan 16 135 ta savdolar jarayonida 28 304 ta raqobatga zid quyidagi harakatlar aniqlangan:

16 017 ta holatda savdolarni o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi buzilgan;

1 145 ta holatda savdolar ishtirokchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish holatlari aniqlangan;

801 ta holatda savdolar ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish holatlari aniqlangan;

8 647 ta holatda savdolarning bitta yoki bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berilgan;

685 ta holatda ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari aniqlangan;

61 ta holatda buyurtmachi va ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik holatlari aniqlangan;

948 ta holatda boshqa raqobatga zid holatlar aniqlangan.

Yuqorida keltirilgan holatlar huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda o‘rganilib:

11 427 ta xaridlarda aniqlangan holatlar yuzasidan belgilangan tartibda mazkur organlarga ma’lumotlar taqdim etildi.

4 708 ta xaridlar bo‘yicha vakolat doirasida ishlar qo‘zg‘atilib, davlat xaridlari subyektlari mansabdor shaxslarga nisbatan 714 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.

Shu bilan birga, Qo‘mita tomonidan davlat xaridlarida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korporativ buyurtmachilarga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarimalar qo‘llanilib, qonun buzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida raqobat muhitini ta’minlash maqsadida doimiy o‘rganish va monitoring ishlari davom ettirilmoqda.