Nizom korporativ buyurtmachilar bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ixtiyoriylik asosida kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va ushbu jarayonda davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Nizomda quyidagilar nazarda tutilgan:
- korporativ buyurtmachilar tomonidan import qilinish rejalashtirilgan mahsulotlar roʻyxatini shakllantirish va eʼlon qilish;
- kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish uchun tadbirkorlar takliflarini qabul qilish tartibi va ularni baholash mezonlarini belgilash;
- tadbirkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish boʻyicha bitim tuzish;
- kooperatsiya aloqalarini oʻrnatgan tadbirkorlar mahsulotlarini davlat buyurtmachilariga sotish imkoniyatlarini yaratish.
Kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish uchun korporativ buyurtmachining boshqaruv organlari qaroriga muvofiq boshqaruv xodimlari orasidan kamida besh nafar aʼzodan iborat tarkibda komissiya tuziladi.
“Kichik biznesga koʻmaklashish markazi” MCHJ kichik tadbirkorlik subyektlariga kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish boʻyicha biznes loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashadi.