Agentlik tomonidan Samarqand viloyatida byudjet buyurtmachilari tomonidan “dxarid.uz” va “tender.mc.uz” maxsus axborot portalida joylashtirilgan eʼlonlar joyiga chiqib oʻrganildi.

Oʻrganish natijalariga koʻra, buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda 18 ta holatda jami qiymati 50 mlrd. soʻmlik qonunbuzilishlar aniqlandi.

Shundan, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Xalq taʼlimi vazirligi va Soliq qoʻmitasining quyi tizimlariga qarashli obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha “tender.mc.uz” maxsus axborot portalida umumiy qiymati 42 mlrd. soʻmlik jami 9 ta tender eʼlonlari joyiga chiqib koʻzdan kechirilganda, tender gʻoliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilganligi maʼlum boʻldi.

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan 2021-yil 3-avgust kuni Kattaqoʻrgʻon shahar Davlat soliq inspeksiyasi binosi qurilishi boʻyicha qiymati 5,5 mlrd. soʻmlik eʼlon berilgan. Biroq, qurilish ishlari eʼlonda koʻrsatilgan muddatdan 3 oy oldin, yaʼni may oyida boshlangan.

Shu bilan birga, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 37 mlrd. soʻmlik Urgut tumanidagi 22, 57, 61, 93-sonli, Ishtixon tumanidagi 8, 41-sonli, Kattaqoʻrgʻon tumanidagi 54-sonli, Samarqand shahardagi 43-sonli maktab binolarini qurish va taʼmirlash ishlari boʻyicha berilgan eʼlonlar tender gʻoliblari belgilanmasdan turib, obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqoridagi noqonuniy holatlar oqibatida mazkur obyektlardan chiqqan qurilish mollari tuman xalq taʼlimi boʻlimiga kirim qilinmasdan, qurilish tashkiloti tomonidan ishlatilgan hamda mahalliy aholiga tarqatib yuborilgan.

Samarqand viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan mebel va tibbiyot uskunalarini xarid qilish boʻyicha jami qiymati 5,5 mlrd. soʻmlik 5 ta tanlov eʼlonlari va oʻtkazilgan tanlov hujjatlari oʻrganilganda, qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Xususan, Samarqand viloyat Koʻp tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 4 ta lot boʻyicha tibbiyot uskunalarini xarid qilish uchun eʼlon berilgan. Mazkur oʻtkazilgan tanlovlar hujjatlari oʻrganilganda, unda gʻolib boʻlgan jamiyatlar, yaʼni “Sam Med Torg”, “Samarkand Eko Med”, “Gamma Med”, “Samarqand Ideal Pharm” MCHJlarning taʼsischilari oʻzaro qarindoshligi maʼlum boʻldi.

Camarqand iqtisodiyot va servis instituti tomonidan mebellar toʻplamini xarid qilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish maqsadida jami qiymati 2 mlrd. 200 mln soʻmlik 3 ta tanlov eʼlon qilingan boʻlib, oʻrganish natijasida ushbu holatlar boʻyicha ham qonunbuzilishlar qayd etildi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-fevraldagi 55-son qarori talablariga zid ravishda mazkur institut tomonidan bir turdagi xarajatlarga tegishli boʻlgan taʼmirlash ishlari, yaʼni Iqtisodiyot fakultetining ikkinchi qavatini mukammal taʼmirlash boʻyicha umumiy xarid hajmi ikki qismga boʻlinib, tanlov eʼlon qilingan.

Jomboy tumani hokimligi tomonidan hokimlikning maʼmuriy binosini qurish boʻyicha qiymati 400 mln soʻmlik tanlov eʼloni oʻrganilganda, tanlov gʻoliblari aniqlanmasdan turib, qurilish ishlari yakunlanganligi maʼlum boʻldi.

Yuqorida koʻrsatilgan holatlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi qayd etildi. Shunga koʻra, Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarga davlat xaridlari bilan bogʻliq boʻlgan mazkur lotlarni bekor qilish boʻyicha taqdimnomalar kiritilib, toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi.