Mazkur tartib Adliya vazirligidan tomonidan ishlab chiqilgan va Hukumat qarori loyihasida keltirilgan.

Loyihada keltirilishicha, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasi minimal talablar boʻyicha baholanadi.

Hujjat loyihasiga muvofiq oliy, professional va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va tashkilotlarini tugatgandan keyin davlat tashkilotlaridagi vakant lavozimga ishga kirayotgan hamda ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar ishga qabul qilingan kundan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach, lekin oʻn besh oydan oshmagan muddatda baholashdan oʻtkaziladi.

Ish stajiga ega boʻlgan va boshqa davlat tashkilotlaridagi vakant lavozimga ishga qabul qilinayotgan shaxslar oldingi ish joyida baholashdan oʻtmagan boʻlsa, ishga qabul qilingan kundan boshlab uch oy oʻtgandan keyin, lekin olti oydan oshmagan muddatda baholashdan oʻtkaziladi.

Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonlik darajasi Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat xizmatining yagona elektron-axborot tahlil tizimidagi “Davlat xizmatchilarini sinovdan oʻtkazish moduli” – maxsus test tizimi orqali baholanadi.

Davlat xizmatchilari huquqiy savodxonlik darajasi boʻyicha har uch yilda bir marta rejali baholashdan oʻtishi shart.

Baholashning umumiy natijalarini monitoring qilish Adliya vazirligi tomonidan quyidagilarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi:

– baholash natijalari boʻyicha koʻrsatkichlar hududlar hamda davlat tashkilotlari kesimida tahlil qilinadi;

– eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan davlat tashkilotlari va hududlarning ijobiy tajribalari oʻrganiladi;

– eng past koʻrsatkich qayd etgan davlat tashkilotlari va hududlarning muammolari hamda sabablari tahlil qilinadi.

Mazkur Nizom talablari huquqni muhofaza qiluvchi organlarning oliy yuridik maʼlumotli xodimlari, davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlari, harbiy xizmatchilar, shuningdek ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligini minimal talablar boʻyicha baholashdan oʻtkaziladigan lavozimlari roʻyxatida koʻrsatilmagan xodimlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Qaror loyihasi muhokamasi 10-dekabrga qadar davom etadi.