Davlat xizmatchilarining kasbiy tayyorgarlik, moddiy va ijtimoiy taʼminot darajasi oshiriladi

    Ijtimoiy hayot 5 Yanvar 2022 3751

    Bu haqda 2022—2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etildi.

    Loyihaga koʻra, davlat fuqarolik xizmatchisining uzluksiz malakasini oshirish va kasbiy rivojlanishi – davlat fuqarolik xizmatini oʻtashning muhim sharti etib belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

    Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining malakasini oshirish bilan shugʻullanuvchi davlat va nodavlat taʼlim muassasalarining reyestri yuritiladi.

    Shu bilan birga, davlat fuqarolik xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy taʼminot darajasini oshirish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadni amalga oshirishning muddati 2022-yilning oktyabr oyi etib belgilangan.

    Qolaversa, loyihada davlat organlarida ish vaqti va mehnat meʼyorlari boʻyicha qonunchilikni qayta koʻrib chiqish va Xalqaro Mehnat Tashkiloti standartlari asosida takomillashtirish vazifasi belgilangan.

    Moslashuvchan ish rejimi va faoliyatni masofaviy tashkil etish mexanizmlarini belgilaydigan tartib ishlab chiqish koʻzda tutilmoqda.