Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand filiali mutasaddilari bugun Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining bitiruvchi-yoshlari bilan navbatdagi uchrashuvida shu mavzu muhokama etildi.
“Davlat fuqarolik xizmatiga kirish” mavzusidagi ochiq muloqotda filial boʻlim boshligʻi Fozil Ahadov tomonidan taqdimot namoyish etildi.
“Davlatimizga bilimli, salohiyatli mutaxassis kadrlar, siz bitiruvchi – yoshlarga esa munosib mehnat sharoitlariga ega, oʻz mutaxassisligingiz boʻyicha ish kerak. Inson resursini rivojlantirish borasida mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar sezilarli darajada oʻzgardi.
Avvallari taraqqiy etgan koʻpgina davlatlarning ishga qabul qilish jarayonlariga havas qilardik. Kadrlar ochiq, shaffof, onlayn va kuchli raqobat muhitida tanlab olinadi. Bugun mamlakatimizda oʻsha xorijiy ilgʻor tajribalar amaliyotga joriy qilindi. Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz platformasi bizning ana shu orzu istaklarimizning natijasi oʻlaroq vujudga keldi, desak xato emas”, deydi boʻlim boshligʻi talabalar bilan muloqotida.
Bugun ushbu ochiq portal faoliyati yoshlar, ayniqsa oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari hamda magistratura yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar oʻrtasida keng targʻib etilmoqda. Bu mexanizm orqali yoshlarning davlat xizmatiga boʻlgan ishonchi ortadi va salohiyatli kadrlarning tanlab, saralab olinishiga erishiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, tanlov orqali saralab olish jarayonlari onlayn tarzda kechadi, yaʼni platformaga hujjatlar elektron tarzda yuborilib, test va suhbat jarayonlari ochiq, onlayn tarzda kechadi. (Ilgarilari 16 ta hujjat papkaga solinib, rahbar yoki kadrlar boshligʻi eshigida kutilgan)
Shu asosda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechilib, yoshlarning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi sohaga joriy etildi.
Shuningdek, mazkur portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun nomzodlarning ochiq mustaqil tanlovlarini tashkil etadigan elektron tizim boʻlib, Internet tarmogʻida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat koʻrsatadi.
Portal Oʻzbekiston fuqarolariga vakant lavozimlarga elektron tarzda hujjat topshirish imkoniyatini beradi hamda nomzodlarni davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishida inson omilini minimal darajaga tushirishga xizmat qiladi.
Hozirgi kunga qadar mazkur portalga 50 ta vazirlik va idora, 12 ta viloyat hamda 190 ta tuman (shahar) hokimliklari ulangan.
Yoshlar mutasaddilarga oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarni berishdi.
Xullas, sizga ish kerak boʻlsa, tanish bilish, qarindosh – urugʻlardan foydalanish zamoni oʻtdi. Shu ishga daʼvogarlik qilsangiz, tanlovga marhamat! Portalga hujjatlaringizni yuboring, test va suhbatdan oʻting! Bilimingiz yetarli boʻlsa, ish sizniki. Korrupsiya, nepotizm va boshqa illatlarga barham bering.
Muloqotdan ana shunday xulosani oldik.
PS: Joriy yilda eng koʻp bitiruvchisi ochiq tanlov asosida davlat xizmatiga qabul qilingan OTMlarning TOP-20 taligiga koʻra, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti 2 oʻrinni egallagan.
G.Berdiyorova
Axborot xizmati