Mazkur mahallalarda 2 ming 740 xonadon, 3 ming 400 oilada 15 ming 384 nafar aholi istiqomat qiladi. 2 ta ishchi guruh uyma-uy yurishi natijasida fuqarolardan 297 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan 15 tasi bevosita hal etildi. Baʼzi oilalarga huquqiy maslahatlar berildi.

Mahallalardagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Uyma-uy yurish jarayonida mavjud kamchilik va muammolar ham oʻrganildi. Aholi, asosan, ichimlik suvi, transport qatnovi, simyogʻochlarning eskirganligi, ichki yoʻllarni taʼmirlash, bandlik, moddiy yordam bilan bogʻliq masalalarni koʻtarib chiqdi.

“Nurli zamin” mahalla fuqarolar yigʻinida viloyat adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda sayyor uchrashuv oʻtkazildi. Tadbir davomida 15 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatildi. “Istiqlol” MFYda esa Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi va Davlat xizmatlari markazi xodimlari har bir xonadonga kirib chiqdi.

Oʻrganish davomida 43 nafar fuqaroga tugʻilganlik, 33 nafariga nikoh haqidagi guvohnoma, 4 nafar fuqaroda esa fuqarolik pasporti kerakligi maʼlum boʻldi. Ayni kunda ushbu fuqarolarga guvohnoma va pasport tayyorlanmoqda. “Mahallabay” davlat xizmatlari koʻrsatish tumandagi barcha mahallada davom etmoqda.

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati