Davlat xizmatlari agentligi barcha uchun shaffof tizim

    Mamlakatimizda 8 Iyul 2021 953

    Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasida 2021-yil 6 oylik yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

    Matbuot anjumanida davlat xizmatlari agentligi tizimidagi yangiliklar va islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazib kelayotgan OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdilar.

    Tadbirda taʼkidlanishicha, joriy yilning oʻtgan olti oyi mobaynida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 144 ming 942 ta turli yoʻnalishlarda davlat xizmatlari koʻrsatilgan. Jami xizmatlarning 140 ming 361 tasi davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatilgan boʻlsa, 4 580 tasi elektron tartibda koʻrsatilgan xizmatlardir. Chekka hududlarga borib sayyor tartibda koʻrsatilgan davlat xizmatlari esa 2 339 tani tashkil etdi.

    Shuningdek, tuman va shahar FHDYO boʻlimlari tomonidan 10 ming 239 ta tugʻilganlik, 3 ming 41 ta nikoh qayd etilganligi, 668 ta ajrashganlik hamda 1 927 ta oʻlim haqida guvohnomalar berildi.

    Davlat xizmatlari agentligi tomonidan joriy yil 1-iyundan boshlab, davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq, fuqarolardan turli maʼlumotnomalar soʻrash amaliyotiga chek qoʻyilmoqda. Farmon bilan, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirib, 18 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilish bekor qilindi. Endilikda, aholi va tadbirkorlik subyektlaridan soʻrash bekor qilingan maʼlumotlar avtomatlashtirilgan tizimidan mustaqil ravishda olinadi.

    Biroq shunga qaramay, davlat tashkilotlari tomonidan fuqarolarni ovora qilayotgan, farmon talablarini qoʻpol ravishda buzayotgan tashkilotlar hanuzgacha uchrab turibdi. Boshqarma mutaxassislari tomonidan joriy yilning oʻtgan 6 oyi mobaynida 1 752 ta qonun buzilish holatlari aniqlangan. Xususan, 1 632 ta holatda davlat xizmatlari koʻrsatish muddatlari buzilgan, 2 ta holatda toʻgʻridan-toʻgʻri davlat xizmatlari koʻrsatilgan, 106 holatda murojaatlar asossiz rad etilgan. Aniqlangan qonun buzilish holatlari boʻyicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 45 ta taqdimnomalar kiritilgan va 12 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻymaslik haqida 165 ta ogohnomalar kiritildi, deb xabar beradi DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.