Prezidentning 24.08.2020-yildagi “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6044-son Farmoniga muvofiq 1-yanvardan boshlab litsenziyalanadigan baholash va rieltorlik faoliyat turlari bekor qilinadi.

Baholovchining malaka sertifikati jismoniy shaxsga, agar u baholovchi tashkilotning masʼul xodimi boʻlsa yoki baholovchi tashkilot tomonidan u bilan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzilgan boʻlsa, mulkni baholashni amalga oshirish huquqini beradi.

Malaka sertifikatiga ega boʻlgan har bir baholovchi malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili malaka oshirish dasturlari boʻyicha kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslaridan oʻtishi shart.

Baholovchilar va rieltorlarni tayyorlash markazlari vakolatli organlar tomonidan roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi va zamonaviy oʻquv talablariga javob berishi, shuningdek zarur texnik asbob-uskunalar (kompyuter, ovozli videokamera, internet aloqasi va boshqalar) bilan taʼminlangan hamda talabgorlar uchun masofaviy taʼlim berish imkoniyatlariga ega boʻlishi kerak.

Baholovchining malaka sertifikatini olishga talabgor quyidagilarga ega boʻlishi lozim:

  • oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnikaviy maʼlumotga;
  • baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida soʻnggi 5 yilda kamida bir yil ish stajiga;
  • vakolatli organ tomonidan kelishilgan dastur boʻyicha va baholash tashkilotlari hamda baholovchilar professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda maxsus oʻqiganligi haqida sertifikatga.

Davlat xizmatlari koʻrsatilganligi uchun 1 BHM miqdorida yigʻim undiriladi.

Test sinovi oʻquv dasturining barcha boʻlimlarini aks ettiradigan kamida 75 ta savoldan iborat boʻladi. 70%dan kam boʻlmagan savollarga toʻgʻri javob bergan talabgor malaka imtihonidan oʻtgan hisoblanadi.

Vakolatli organ QR-kod qoʻyilgan malaka sertifikatini rasmiylashtiradi va uni oʻz ERIsi bilan tasdiqlaydi hamda 2 kun muddatda davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki talabgorga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YAIDXP orqali yuboradi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 24.12.2020-yildan kuchga kirdi.

Lola Abduazimova.