Sirdaryo viloyatining nurchilar shahri Shirinda Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlimining yangi binosi ochildi. Avvalgi binoda markaz tomonidan bir kunda oʻrtacha 40-50 nafar fuqaroga davlat xizmatlari koʻrsatgan boʻlsa, endi ish quvvati ikki barobarga oshishi uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Qariyb oʻn uch mingdan ziyod aholi yashovchi shaharda 2020-yilning oʻtgan davrida aholi va tadbirkorlik subyektlariga 4 476 ta davlat xizmatlari koʻrsatildi.
“Jasur quruvchi” MCHJ quruvchi bunyodkorlari tomonidan qisqa muddatlarda qurib, foydalanishga topshirilgan yangi binoning umumiy maydoni 288 kvadrat metrni tashkil etadi. Xalq qabulxonasi bilan yonma-yon joylashgan binoda tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha Bosh vazir qabulxonasi, FHDYO boʻlimi joylashgan.
Oʻziga xos, zamonaviy koʻrinishga, barcha sharoitlarga ega bino zarur texnik jihoz va vositalar bilan taʼminlangan boʻlib, bu yerda bir vaqtning oʻzida 5 nafar, bir kunda 200 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatish imkoniyati mavjud.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan boʻlib, tashrif buyuruvchilarning navbati monitorlarda koʻrinib turadi. Mavjud monitorlar orqali esa davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi yangiliklar, davlat xizmatlari olish tartiblari toʻgʻrisidagi roliklar muntazam namoyish etib boriladi.
-Ushbu binoning foydalanishga topshirilishi yangi yil arafasida shahrimiz aholisi uchun munosib sovgʻa boʻldi, — deydi shirinlik mehnat faxriysi Qurbonali Oʻrmonaliyev.- Ayniqsa, Davlat xizmatlari markazi va FHDYO boʻlimining bir joyda joylashgani shahrimiz yoshlari qulay sharoitlarni yaratdi. Bu yerda yaratilgan sharoitlarni, shinam va bejirim bezak berilgan moʻjazgina tantanalar zalini, xizmat koʻrsatish hududi, kutish joylari, qiziqarli kitoblarni jamlagan kutubxonani koʻrib juda quvondik.
Ushbu bino viloyatda Sayxunobod va Sirdaryo tumanlaridan keyin ochilgan uchinchi yangi bino boʻldi.
Dilfuza Jarbekova,
DXA Sirdaryo viloyat boshqarmasi
jamoatchilik va OAV
bilan aloqalar shuʼbasi xodimi.