O'rta Chirchiq tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan tuman markaziy poliklinikasi xodimlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” o'tkazildi. Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimiz davlat xizmatlari ko'rsatish milliy tizimi izchillik bilan takomillashtirilayotganligi va modernizatsiya qilinayotganligi, bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganligi ta'kidlandi. 

Tuman Davlat xizmatlari markazi direktori Sevara Hoshimova so'zga chiqib, fuqarolar va tadbirkorlarga davlat xizmatlari ko'rsatish tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish hamda davlat xizmatlari ko'rsatish sifatini tubdan yaxshilash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi hamda 2022 yil 1 yanvardan ayrim davlat xizmatlarini ko'rsatishda undiriladigan davlat bojlari, yig'imlar va boshqa to'lov miqdorlari kamaytirilganligini aytib o'tdi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar natijasida 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirilib, markazlar tomonidan qamrab olingan xizmatlarni ko'rsatish muddati va talab etiladigan hujjatlar soni o'rtacha ikki barobarga qisqartirildi.

“Ochiq eshiklar kuni” tadbiri doirasida ishtirokchilar tuman Davlat xizmatlari markazi va FHDYO bo'limlarida fuqarolar uchun yaratilgan qulayliklar, xizmat ko'rsatish, shu bilan birgalikda davlat xizmatlarini olish jarayoni bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldi. Markazdagi o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish burchagida mutaxassislar yordamida kerakli davlat xizmatlaridan mustaqil foydalandi.

Shuningdek, tadbir so'ngida mas'ul xodimlar tomonidan ishtirokchilarga o'zlarining qiziqtirgan masalalari yuzasidan bepul huquqiy maslahatlar ham berildi.

DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

matbuot xizmati