Davlat xizmatlari markazlarida ID-karta berilmoqda

    So'nggi yillarda davlat xizmatlari ko'rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda. Bu esa aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash, biznesni rivojlantirish va ortiqcha byurokratik to'siqlarni bartaraf etish imkonini bermoqda.

    Ayni kunda Davlat xizmatlari markazlari orqali 170 dan ortiq xizmatlar ko'rsatilmoqda. Aholini ortiqcha ovoragarchiliklardan xalos etish maqsadida — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali jismoniy va yuridik shaxslarga 300 dan ortiq elektron davlat xizmatlari taqdim etilmoqda.

    Nurafshon, Chirchiq va Ohangaron shahar Davlat xizmatlari markazlarida biometrik pasport va shaxsni tasdiqlovchi ID-karta berish joriy qilingan. Zangiota tumanida esa hozircha ID-karta berilmoqda. 2022 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich barcha Davlat xizmatlari markazlarida ushbu imkoniyatni yaratish rejalashtirilgan.

    Eslatib o'tamiz, xizmatlar eksterritoriallik tamoyili asosida (ro'yxatda turgan joyingizdan qat'iy nazar) taqdim etiladi. Bunda ID-karta olish uchun to'lov miqdori BHMning 1 baravariga teng, ya'ni ayni damda 300 ming so'm (avval BHMning 1,2 baravari bo'lgan).

    Ma'lumot o'rnida, joriy yilning o'tgan vaqti mobaynida Toshkent viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlari orqali 100 ga yaqin fuqarolarga ID-karta berildi.

    Toshkent viloyati adliya boshqarmasi

    Jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi