Davlat xizmatlariga bo'lgan ehtiyoj “xonadonbay” o'rganilmoqda

    Bugungi kunda yurt obodligi va farovonligini ta'minlashda, farzandlar ta'lim-tarbiyasiyu, oilalar mustahkamligida mahalla institutining o'rni har qachongidan beqiyos. Bugun Bo'ka tumanining Bo'ka mahallasi ulkan qurilish maydoniga aylandi. Keng ko'lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi.

    Davlat xizmatlari agentligi mas'ullari ham tuman markazidan ancha olisda joylashgan Bo'ka mahalla fuqarolar yig'inida bo'lib, hududdagi qishloqlarni “xonadonbay” o'rganishni boshladi. Bu yerda 2 mingdan ziyod o'zbek, qozoq, tatar, qirg'iz va tojik millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. 6 ta kichik qishloqlarda 374 ta xonadon va 501 ta oila mavjud.

    O'rganishlarning ilk manzili 70 ga yaqin xo'jalik istiqomat qilib kelayotgan Alxajar qishlog'i bo'ldi. Aholining davlat xizmatlari sohasidagi muammolari va murojaatlar tinglanadi. Xususan, fuqaro Faxriddin Po'latovning xonadoni o'rganilganda uyining kadastr hujjatlari mavjud emasligi aniqlandi. Shu yerning o'zida sayyor tartibda kadastr pasportini tayyorlash uchun ariza qabul qilindi. Rashid Qulishbetovning pensiya to'g'risida ma'lumotnoma olish bo'yicha qilgan murojaati ham hal etildi.

    Tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan hudud aholisi uchun mobil avtobusda sayyor davlat xizmatlari ko'rsatilmoqda. O'rganishlar davom etadi.

    DXA Toshkent viloyati boshqarmasi

    matbuot xizmati