Davlat-xususiy sheriklik asosidagi faoliyat koʻrsatayotgan nodavlat bogʻchalar soni mingdan oshdi

    Ta'lim 12 Iyun 2021 3353

    Bugungi kunda jami faoliyati boshlangan 1 054 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 105 644 nafar bola qamrab olingan. Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda maktabgacha taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxoʻjayeva maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi (Davlat sherigi) tomonidan tadbirkorlik subyektlari (Xususiy sheriklar) bilan maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisida bitimlar imzolanib kelinmoqda.

    Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 05.04.2018-yildagi “Maktabgacha taʼlim tizimini yana-da ragʻbatlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3651-son qarorida va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarning tegishli bandida koʻrsatilgan majburiyatlarini bajarib, xususiy sheriklarga yer uchastkasi yoki (va) bino ajratilishida va uni taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish uchun imtiyozli kredit mablagʻlari berilishida koʻmaklashgan.

    Bitimga asosan Xususiy sherik investitsiya obyektida qurilish ishlarini boshlash, tugallash, jihozlash va muassasani ishga tushirishni bitimning 2-ilovasida belgilangan muddatlarda bajarishi shartligi belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 260-moddasiga koʻra, qonun hujjatlari yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdipda kreditorga toʻlashi shart boʻlgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.

    Shuningdek, ushbu kodeksning 261-moddasiga binoan, qarzdor majburiyatlarning bajarilishini kechiktirib yuborganida toʻlaydigan va oʻtkazib yuborilgan muddatning har bir kuni uchun majburiyatning bajarilmagan qismiga nisbatan foiz bilan hisoblanadigan neustoyka - penya hisoblanadi.

    Bitimning 6.2-bandiga koʻra, Xususiy sherik tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun bajarilmagan investitsiya majburiyatlari qiymatining 0,04 foizi miqdorida, biroq kechiktirilgan investitsiya majburiyatlari qiymatining 50 foizidan oshmagan holda Davlat sherigiga penya toʻlashi belgilangan.

    Shuningdek, bitim shartlari va talablariga koʻra, Xususiy sherik tomonidan Davlat sherigiga kechiktirilgan kunlar uchun penyani oldindan toʻlab berilishini va bitimdagi oʻz majburiyatlarini zudlik bilan toʻliq bajarilishini hamda penya miqdori yuzasidan asoslantirilgan ravishda hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, penya qayta hisob-kitob qilinishi mumkinligi toʻgʻrisida talabnomalar xususiy sheriklarga berilgan boʻlsada, biroq xususiy sherik (quyida koʻrsatilgan) tomonidan oʻz muddatlarda bitim majburiyatlari bajarilmagan.

    Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sherikchilik toʻgʻrisidagi bitimlar majburiyatlarini bajarmasligi holatlari yuzasidan xususiy sheriklarga nisbatan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalar kiritilgan. Joriy yilning oʻtgan davr mobaynida sudlar tomonidan 7 ta daʼvo arizalari koʻrib chiqilib, xususiy sheriklar tomonidan bitimlar buyicha majburiyatlar bajarilmaganligi hamda bitimdagi shartlar buzilganligi bois ularga nisbatan penyalar qoʻllanilib, undirish boʻyicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan.

    1. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 22.02.2021-yilgi hal qiluv qarori bilan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. Javobgar “Buyuk Avlod Yulduzlari” NTM hisobidan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga 45.000.000 soʻm penya, “Alpomish va Zulfiya izdoshlari” NTM 20.000.000 soʻm penya undirilgan.

    2. Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining 16.02.2021-yilgi hal qiluv qarori bilan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. Javobgar “Buyuk Avlod Yulduzlari” NTM hisobidan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga 20.000.000 soʻm penya undirilgan.

    3. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanlararo sudining 11.02.2021-yilgi hal qiluv qarori bilan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining daʼvo talablari qisman qanoatlantirilgan. Javobgar “PATTAYEV ILHOM” va “SAYROB CHINORI xususiy korxonalari hisobidan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga jami 3 042 698 soʻm penya undirilgan.

    4. Sirdaryo tumanlararo iqtisodiy sudining 4.03.2021-yilgi hal qiluv qarori javobgar “Sayxun kichkintoy quvonchi” MCHJ hisobidan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga 29.825.831 soʻm penya undirilgan.

    5. Buxoro viloyati Romitan tumanlararo iqtisodiy sudining 16.03.2021-yilgi hal qiluv qarori bilan javobgar “DOCHKI SINOCHKI” NTM hisobidan daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi hisobiga 42.880.000 soʻm penya undirilgan.

    Davlat xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot

    Maktabgacha taʼlim sohasida nodavlat sektorni rivojlantirishning zamonaviy mexanizmlari, xususan davlat-xususiy sheriklikning 10 ga yaqin shakllari joriy etib kelinmoqda.

    2018-2020-yillar dadavlat-xususiy sheriklik asosida 11 269 nafar tadbirkorlar tomonidan 352 431 quvvatga ega nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda 33 679 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Xususan, 104 524 quvvatga ega 1 025 ta davlat-xususiy sheriklik (shundan, 7 500 quvvatga ega 76 ta loyiha tadbirkorlarning oʻz mablagʻi hisobidan) hamda 247 907 quvvatga ega 10 244 ta oilaviy nodavlat bogʻchalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    2020-yilda 333 nafar tadbirkorlar tomonidan 45 427 quvvatga ega davlat-xususiy sheriklik hamda 103 175 quvvatga ega 4 160 ta oilaviy nodavlat bogʻchalar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi orqali respublika boʻyicha 148 602 qoʻshimcha quvvat va 12 360 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi. Natijada, bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olishda davlat-xususiy sheriklik ulushi 2019-yilga nisbatan 14,0 foizdan 20,7 foizga oshirildi.

    2021-yil mart holatiga oʻtkazilgan monitoring natijasiga koʻra 134 ta loyihalarda (shundan 53 ta loyiha 2020-yil III choragida moliyalashtirilgan) qurilish ishlari davom etayotgan boʻlib, 81 ta loyihalarda shartnomada belgilangan muddatdan kechikayotganligi aniqlangan.

    Bugungi kunga kelib faoliyati boshlanishi kerak boʻlgan 81 ta loyihalardan 34 ta loyihalar joriy yilning I choragida va 11 ta loyihalar joriy yilning II choragida ishga tushishi kutilmoqda.

    Shuningdek, 36 ta loyihalardan 12 tasi boʻyicha 389,5 mln.soʻm penya undirish maqsadida sudlarga daʼvo arizalari yuborilgan, qolgan 24 ta muammoli loyihalar boʻyicha daʼvo arizalari tayyorlanmoqda.

    2019-2020-yillar davomida investitsiya obyektlarini belgilangan muddatda foydalanishga topshirmagan tadbirkorlarga 24,3 mlrd. soʻm miqdorida penya undirish uchun jami 118 ta talabnomalar yuborilgan.

    Bugungi kunga qadar sud jarayonida 9 ta loyihalar boʻyicha 264,8 mln.soʻm penya undirilishi yuzasidan daʼvo arizasi vazirlik foydasiga hal etildi hamda 1 ta loyiha boʻyicha 2,1 mln. soʻm penya undirilishiga erishildi.

    Bugungi kunda resurs mablagʻiga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda DXSH loyihalarini tadbirkorlarning oʻz mablagʻi evaziga davom ettirish hamda iqtisodiy jihatdan samarasiz deb topilgan loyihalar boʻyicha imzolangan bitimlarni bekor qilish yuzasidan targʻibot ishlari olib borilmoqda. Natijada, 142 nafar tadbirkorlar bilan 244,9 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari uchun imzolangan bitimlar bekor qilinishiga erishildi.

    Bugungi kunda 2018-2019-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolangan, biroq moliyalashtirilmagan 241 ta loyihalarga imtiyozli kredit ajratish uchun 554,7 mlrd.soʻm resurs mablagʻiga ehtiyoj saqlanib qolmoqda.Ushbu loyihalarda qurilish ishlari 115 tasida 25 foizdan yuqori, 61 tasida 25 foizgacha bajarilganligi, qolgan 65 tasida qurilish ishlari boshlanmaganligi aniqlangan.

    Bugungi kunda jami faoliyati boshlangan 1 054 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 105 644 nafar bola qamrab olingan boʻlib, bularning 23 505 (25,6%) nafari ijtimoiy koʻmakka muhtoj oila farzandlari hisoblanadi. Shuningdek, 10 963 ta oilaviy shakldagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga 257 032 nafar bolalar qamrab olingan shundan 171 231 nafari (66,6%i) ijtimoiy koʻmakka muhtoj oila farzandlari hisoblanadi. Jami faoliyati boshlangan 12 017 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan 440 456 nafar bolalarning 210 011 (47,7%) nafari ijtimoiy koʻmakka muhtoj oila farzandlari hisoblanadi.