Davlatimiz rahbarining 2025-yil 28-yanvardagi “Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni sohada ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda.

Toshkent shahrining Olmazor tumanida faoliyat yuritayotgan “RomPharm NS” dori vositalari ishlab chiqarish korxonasida bu borada amalga oshirilayotgan ishlar eʼtiborga molik.

Korxonaning asosiy maqsadi ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash, import oʻrnini bosuvchi dori vositalari ishlab chiqarish hajmini oshirishdan iborat. Kelgusida yillik quvvatni 1 milliard dona tabletka, 500 million dona kapsula va 120 million dona sashega yetkazish rejalashtirilgan.

Korxona o‘zining to‘liq ishlab chiqarish sikli va nazorat laboratoriyasi Yevropa Ittifoqining GMP standartlari asosida tashkil etilgan Markaziy Osiyodagi birinchi majmualardan biri hisoblanadi.

Loyihaning umumiy qiymati 45 million yevroni tashkil etadi. 1,7 gektar maydonni egallagan korxonada 150 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonining 90 foizi avtomatlashtirilgan. Zamonaviy uskunalar Italiya, Germaniya, Avstriya, AQSh, Shveysariya va Bolgariyadan keltirilgan.

Bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar toʻliq import oʻrnini bosishga yoʻnaltirilgan. Asosiy eʼtibor nevrologiya, kardiologiya, metabolik jarayonlar hamda yalligʻlanishga qarshi yoʻnalishlarda qoʻllaniladigan dori vositalarini ishlab chiqarishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari korxona faoliyati bilan tanishar ekan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan quvvatlarni kengaytirish, ichki bozorni sifatli farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash muhimligini taʼkidladi. Asosiy maqsad importga bogʻliqlikni kamaytirish va sohada yangi ish oʻrinlari yaratish ekani qayd etildi.

Shu yerning o‘zida Prezidentimizga korxona faoliyatining istiqboldagi rejalari xususida taqdimot qilindi.