Davlatimiz rahbari bilan uchrashuv ertangi kunga yanada ishonch va kuch berdi

    Prezidentimiz bilan uchrashuvning baxtli lahzalarida ko'z o'ngimda so'nggi yillardagi ta'lim va fanga berilayotgan e'tibor gavdalandi".

    Joriy yilning 19-oktyabr` kuni Prezidentimiz poytaxtimizning Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovasion o'quv va ishlab chiqarish texnoparkini borib ko'rgan edi.

    Davlatimiz rahbari shu kuni talabalar va yosh olimlar bilan suhbatlashdi. Prezidentimizga energetikani rivojlantirish bilan bog'liq qator g'oyalarini aytgan texnika fanlar doktori, professor, ToshDTU "Elektr mashinalari" kafedrasi mudiri Olimjon Toirov ushbu uchrashuv taassurotlari haqida mulohazalarini shunday bayon etdi:

    "Prezidentimiz bilan uchrashuvning baxtli lahzalarida ko'z o'ngimda so'nggi yillardagi ta'lim va fanga berilayotgan e'tibor gavdalandi.

    Ilm bilan shug'ullanayotgan doktorantlarga, yosh tadqiqotchi olimlarga sovg'a tariqasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida taqdim etilgan yangi xonadonlar, ilmiy darajaga ega ilmiy xodimlar, fan nomzodi va fan doktorlarga 30 foizdan 60 foizgacha ustama haqlari belgilab berilgani ana shu e'tibordan dalolatdir. Shuningdek ilmiy-xodimlar va professor-o'qituvchilarning oylik-maoshlarining so'nggi 5 yil ichida 3 baravar miqdorgacha oshishi va nihoyat Toshkent davlat texnika universiteti hamda O'zbekiston milliy universitetining yosh tadqiqotchi olimlari, professor-o'qituvchilari uchun imtiyozli kredit asosida 216 xonadondan iborat 6 ta 9 qavatli uylarning qurilishi, professor o'qituvchilarning uy-joy bilan ta'minlanishi, mazkur uylarning ikki yoki uch nafardan ortiq farzandi bilan uzoq vaqtlar davomida ijarada yashab kelayotgan o'qituvchilarga ajratilishi boshqa hamkasblarim qatori meni ham baxtiyor etdi. Bu kabi e'tibor yosh tadqiqotchilar va ilm ahli uchun erkin ijod qilish imkoniyatini yaratib, uy-joy masalasi va moliyaviy muammoni o'ylamasdan ilm-fanga, ta'lim va tarbiyaga ko'proq vaqt ajratishiga zamin yaratadi.

    Talabalar shaharchasida qad rostlagan zamonaviy innovasion o'quv va ishlab chiqarish texnoparki biz uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi. Mazkur inshootning ochilishi iqtidorli talabalar, professor-o'qituvchilar va ilmiy xodimlar uchun ta'lim, ilm-fan va ishlab chiqarish zanjirini mustahkamlovchi omil, mazkur uchburchak integrasiyasini harakatga keltiruvchi mexanizm hisoblanadi. Bu esa jamiyatga kelajakda salohiyatli, bilimli kadrlarni tayyorlash imkonini beradi. Texnika sohasida faoliyat olib boradigan kadrlarni tayyorlashda amaliyotning o'rni juda katta hisoblanadi. Mazkur texnopark esa iqtidorli yoshlarni birlashtiradi. Bo'lajak mutaxassis har bir jarayonni o'z ko'zi bilan ko'rib, qurilma mexanizmlarni qo'li bilan ushlab, ishlatib ko'rish orqali kuchli mutaxassis bo'lib shakllanadi, ularda yangi g'oyalar paydo bo'ladi. Ushbu g'oyalarni startap loyihalariga aylantirish va ishlab chiqarishga yangi mahsulot sifatida joriy etish imkoni yaratiladi. Buning natijasida iqtidorli yosh talabalar daromad ola boshlashi mumkin bo'ladi.

    Mazkur inshootning ochilishiga tashrif buyurgan Prezidentimiz bilan uchrashuv zimmamga katta mas'uliyat yukladi. Men O'zbekistonimiz energetikasini rivojlantirish bilan bog'liq qator o'ylab yurgan takliflarimni aytar ekanman, yurtboshimizning takliflarimni e'tibor bilan tinglab ma'qullaganlarini va loyihamni qo'llab quvvatlashlarini o'tkir nigohlari va samimiy so'zlaridan angladim. Bu menga ertangi kunga yanada ishonch va kuch berdi", dedi Olimjon Toirov.

    Nazokat Abduqunduzova,
    Innovasion rivojlanish vazirligi

    Axborot xizmati rahbari.