Nutq global muammolardan tortib, mintaqaviy hamkorlik, milliy islohotlar, ekologiya va suv xavfsizligi, logistika va yoshlar masalalari kabi koʻp qirrali yoʻnalishlarni qamrab oldi.

Prezidentimiz dunyoda urushlar, ijtimoiy va texnologik tengsizlik, iqtisodiy hamda gumanitar inqirozlar ortib borayotganini qayd etdi. Bu jarayonlarda BMTning asosiy platforma sifatidagi roli alohida taʼkidlandi. Xavfsizlik Kengashi transformatsiya qilinishi va “BMT-80” tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash zarurligi bildirildi.

Yangi Oʻzbekiston islohotlari natijasida mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 35% dan 6,6% gacha tushirilgani, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida katta natijalarga erishilgani tilga olindi. Maktabgacha taʼlimda qamrov 27% dan 78% ga, oliy taʼlimda esa 9% dan 42% ga oshgani koʻrsatildi. Shuningdek, Butunjahon professional taʼlim sammiti va bolalar saratoniga qarshi kurashga bagʻishlangan tadbir Oʻzbekiston tashabbusi bilan oʻtkazilishi eʼlon qilindi.

Markaziy Osiyoda integratsiyasi doirasida 2017-yildan boshlab mintaqada savdo, investitsiya va transport hajmi 5 barobarga oshgani qayd etildi. Chegara hududlarida savdo-sanoat zonalari tashkil etilayotgani, davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari integratsiyani mustahkamlayotgani taʼkidlanib, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo taraqqiyotiga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish taklif qilindi.

Shuningdek, Afgʻonistonning xalqaro maydondan chetda qolmasligi zarurligi qayd etildi. Transport va energetika koridorlarini ushbu davlat orqali rivojlantirish rezolyutsiyasi taklif etildi. Gʻazo va Ukrainada siyosiy yechim topish zarurati va tinchlikka chaqiriq bildirildi.

Terrorizmga qarshi kurash yoʻnalishida Oʻzbekiston BMT bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya boʻyicha Mintaqaviy Kengash tuzgani maʼlum qilinib, unga Xalqaro kompetensiyalar markazi maqomi berish va mintaqada BMT ofisini ochish taklif etildi.

Bundan tashqari, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq mamlakatlarning muammolariga eʼtibor qaratilib, “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy qilish taklif etildi.

Ekologiya va suv xavfsizligi boʻyicha Orol dengizi tubida 2030-yilga qadar 80% maydonda yashil qoplamalar yaratish rejasi tilga olindi. Shuningdek, Suvni tejash boʻyicha jahon forumi va iqlim migratsiyasiga qarshi Global pakt ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, raqamli tengsizlikni kamaytirish zarurligi qayd etilib, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellekt yechimlarini almashish boʻyicha xalqaro mexanizm yaratish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz oʻz chiqishida yoshlar masalasiga alohida eʼtibor qaratib, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi. Shu bilan birga, islom maʼrifati gʻoyalarini chuqur oʻrganish, Islom sivilizatsiyasi markazini ochish, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy merosiga bagʻishlangan taqdimotlarni BMTda oʻtkazish rejasi bildirildi.

Deputat sifatida men bu nutqni Yangi Oʻzbekiston islohotlarining izchil davomi va milliy manfaatlarimizning xalqaro maydonda munosib himoya qilinishi sifatida baholayman. Ushbu nutq parlament oldiga qonun ijodkorligi yoʻnalishida ilgari surilgan takliflarni qonunchilik asoslariga joriy etish, ularning samarali amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, jamiyat va davlat institutlari oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi vazifalarni qoʻymoqda. Undagi gʻoyalar milliy qadriyatlarimiz va demokratik taraqqiyot gʻoyalari bilan uygʻun tarzda ham xalqimizning, ham jahon hamjamiyatining umumiy manfaatlariga xizmat qiladi.

Azamat Pardayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati