Davlatimiz rahbari Olimpiada o'yinlari chempion va sovrindorlariga minnatdorlik bildirdi

    Hukumat 11 Avgust 2024 755

    Prezident Shavkat Mirziyoev Bahodir Jalolov, Abdumalik Halokov, Razambek Jamalov, Svetlana Osipova, Akbar Jo'raev va G'ulomjon Abdullaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

    O'zbekiston sport delegatsiyasi Parij Olimpiadasidagi ishtirokini yakunlab, tarixiy natijaga erishdi. O'yinlarning oxirgi kunida bokschilarimiz Bahodir Jalolov va Abdumalik Halokov, erkin kurashchi Razambek Jamalov oltin, taekvondochimiz Svetlana Osipova va og'ir atletikachimiz Akbar Jo'raev kumush medallarni qo'lga kiritdi. Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev ular bilan hamda 9 avgust kuni bronza medaliga sazovor bo'lgan erkin kurashchimiz G'ulomjon Abdullaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Davlatimiz rahbari butun xalqimiz nomidan chempion va sovrindorlarni samimiy tabriklab, murakkab kurashlarda ko'rsatgan yuksak mahorati va matonati uchun minnatdorlik bildirdi. Ularning ota-onalari va murabbiylariga el-yurtga munosib shunday o'g'il-qizlarni tarbiyalagani uchun rahmat aytdi.

    Sen O'zbekiston ayollari orasida birinchi bo'lib taekvondo bo'yicha olimpiya medali sovrindori bo'lding. Barchamiz har bir chiqishingni hayajon bilan kuzatdik. YUksak jang san'ati va haqiqiy jangchi ruhini namoyish etding. Sen bilan juda faxrlanamiz, - dedi Prezident Svetlana Osipovaga.

    Tarixiy g'alabang bilan chin qalbimdan tabriklayman. eng og'ir vaznda tengsiz ekaningni yana bir bor butun dunyoga ko'rsatding. Bu bizlarga juda katta faxr, g'urur-iftixor bag'ishladi. Parijda ham oltin olib kelishga va'da bergan eding, bugungi tarixiy zafaring shu va'daga mos bo'ldi. Katta-katta g'alabalar hali oldimizda. Poytaxtimizda nomingga ochilgan boks bo'yicha sport mahorati maktabida yana yuzlab, minglab o'zbek bahodirlari katta ringlarga tayyorlanishiga ishonaman, - dedi Prezident ikki karra olimpiya chempioni Bahodir Jalolov bilan suhbatda.

    Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bokschilarimizning bosh murabbiysi To'lqin Qilichev tezda sog'ayib ketishini tiladi.