Davlatimiz rahbari mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha uchinchi bor oʻtkazilayotgan xalqaro anjuman ishtirokchilarini samimiy qutladi. Tadbirda ishtirok etayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jassir, Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bosh vitse-prezidenti Sachiko Imoto; Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Kaxa Imnadze, Jahon bankining kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha global direktori Luis Felipe Lopez-Kalva va barcha mehmonlarga minnatdorlik bildirdi.
Prezidentimiz insoniyat oqibatini oldindan aytib boʻlmaydigan oʻta keskin va murakkab davrni boshidan kechirayotganini qayd etdi. Dunyoda geosiyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy beqarorlik tobora ortib bormoqda. Yer yuzida kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlari, suv tanqisligi va pandemiyalar tufayli ogʻir va mashaqqatli sinovlar paydo boʻlmoqda.
2015-yildan buyon global iqtisodiy oʻsish surʼati oʻrtacha 3 foizni tashkil etib, oldingi oʻn yillikka nisbatan sekinlashdi. Oqibatda, agar besh yil oldin dunyoda 650 million aholi kambagʻallikda yashagan boʻlsa, bugun ularning soni 800 milliondan oshdi.
«Bu holat barcha davlatlar, xalqaro tashkilotlar, umuman, dunyo hamjamiyati oldiga yangi va dolzarb vazifalarni qoʻyib, ularga yechim topish boʻyicha tezkor qarorlar qabul qilishni taqozo etmoqda», — dedi Prezidentimiz.