Davlatimiz rahbari Yangiariq tumanidagi “Yan Tex Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyat faoliyati bilan tanishdi.

    Hukumat 12 Dekabr 2020 3284

    Mahallalar bo‘yicha yangi tizim: davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadi.

    Bu korxona bo‘sh yotgan binolardan samarali foydalanish, ularni xususiylashtirib, tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning yaqqol misoli. Mazkur inshoot ham uzoq yillar qarovsiz yotgan edi. Asakabank tomonidan 16 million dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilib, bino zamonaviy qilib tiklandi, Xitoy, Janubiy Koreya va Italiyadan uskunalar keltirib o‘rnatildi.

    Bugun bu yerda gazlama mato va choyshab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. 200 dan ortiq ish o‘rni ochilgan.

    Korxona yiliga 12 million pogono metr gazlama mato va 600 ming komplekt choyshab ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish salohiyatiga ega.

    Prezident yangi korxonadagi to‘quv jarayonini ko‘zdan kechirdi.

    Endi ip-gazlama to‘qish hajmini oshirish hamda Urganch shahrida matoga rang beruvchi korxona ochish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Shu tariqa, ikkinchi bosqichda matoni bo‘yash, uni qadoqlash, Rossiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishga erishiladi.

    Shu yerda mahallabay ishlash bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Unga ko‘ra, tumanlardagi iqtisodiy kompleks xodimlari har bir mahallaga biriktirilib, o‘z sohasiga doir masalalarni hal qilib boradi.

    - Mahalla raislarini saylaymiz, ulardan ko‘p narsani talab qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Lekin buning uchun mahalliy rahbarlar nima qilyapti, degan savolga aniq javob yo‘q. Endi davlat idoralari xodimlarining moddiy manfaatdorligi odamlarning roziligidan kelib chiqib belgilanadigan tizim qilamiz. Soliq, moliya, bandlik, investitsiya, tadbirkorlik va boshqa masalalarga mas’ul rahbarlar mahallalarda ishlaydi. Mahalla raislari o‘z hududidagi muammolar bo‘yicha ularga talab qo‘yadi. Islohotlarni eng quyi tizimda bajarishning asosi shu. Buni odamlar his qilishi kerak.

    Mutasaddilarga ushbu tizimni hayotga tatbiq etish, Davlat boshqaruvi akademiyasi tomonidan mahalla raislarini shu bo‘yicha o‘qitish yuzasidan topshiriqlar berildi.