Buxorodagi “BCT Cluster” paxta-toʻqimachilik klasteri mamlakatimizda eng birinchi tuzilganlardan. U davlatimiz rahbarining 2017-yil 19-maydagi qaroriga asosan tashkil etilgan.
Bugungi kunda mazkur klaster paxta yetishtirishdan tortib uni chuqur qayta ishlashgacha boʻlgan barcha texnologik jarayonlarni yaxshi oʻzlashtirgan. Xususan, Romitan tumanidagi 8 ming gektar maydonda paxta yetishtirilsa, uning tolasidan ip yigirish, kalavani boʻyash, mato toʻqish va kiyim tikish yoʻlga qoʻyilgan.
“Bukhara Cotton Textile” korxonasi ushbu ishlab chiqarish zanjirining oxirgi xalqasi hisoblanadi. Uni tashkil etish uchun 65 million AQSH dollaridan ziyod investitsiya yoʻnaltirilgan.
Yana bir muhim jihati shundaki, ushbu korxona ilgari qarovsiz boʻlib qolgan sobiq toʻqimachilik kombinati oʻrnida paydo boʻldi. Bu yerda bitta eski bino kapital rekonstruksiya qilinib, 19 ta yangi bino va inshootlar barpo etildi. Germaniya, AQSH, Belgiya va Fransiyadagi ilgʻor texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini, mahsulotlar sifatini koʻzdan kechirdi.
- Jinsi matolar va mahsulotlar chiqarish boʻyicha eng ilgʻor davlatlar bilan raqobat qilish mumkin. Chunki yerimiz, suvimiz, paxtamiz oʻzimizniki. Ishlayman degan yoshlarimiz koʻp. Tannarxni yana pasaytirsa boʻladi. Lekin sifati xalqaro darajada boʻlsa, dunyoda albatta oʻz oʻrnini topadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur toʻqimachilik korxonasida 1500 nafar, klaster bilan qoʻshib hisoblaganda 6000 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.
“Bukhara Cotton Textile” korxonasida dastlab 8450 tonna kalava ip yigiriladi. Keyingi bosqichda esa 15 million pogonometr jinsi matolar toʻqiladi. Uchinchi-toʻrtinchi pogʻonalarda qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotga aylantiriladi.
Buning iqtisodiy samaradorligi shundaki, dunyo bozorida 1 kilogramm tola qiymati xomashyo sifatida 1,5 dollar boʻlsa, tayyor kiyim qilib sotilganda kamida 25 dollarga aylanadi.
Korxona oʻzining “B Jeans” brendiga ega. Bu yerda yiliga oʻrtacha 12,5 million dona “denim klassik” va “denim stretch” shimlari ishlab chiqarilmoqda. Yurtimizda ularning xaridori koʻpayib boryapti. 2020-yilda Buxoro, Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida savdo doʻkonlari ishga tushirildi.
Kelgusida mamlakatimiz boʻyicha 50 ta ana shunday doʻkon ochish moʻljallangan.
Eng asosiy maqsad esa tashqi bozorda oʻrin egallash. 2020-yilda 8,2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Lekin bu birinchi qadamlar. Mamlakatimiz elchixonalari koʻmagida chet ellarda savdo nuqtalari tashkil etish rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu orqali yiliga oʻrtacha 50-60 million dollar miqdorida valyuta tushumiga erishish mumkin.
“Bukhara Cotton Textile” korxonasida ishlab chiqarilayotgan jinsi matolari rangining tabiiyligi bilan ham ichki va tashqi bozorda ustunlikka ega. Buning uchun chet eldan indigofera oʻsimligi urugʻi olib kelinib, 80 gektar maydonda yetishtirilmoqda.
Davlatimiz rahbari mahsulotlar turini koʻpaytirish, dunyoga mashhur brendlar bilan hamkorlikda kiyimlar ishlab chiqarish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda 2021-2022-yillarga moʻljallangan Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, yoshlar bandligini taʼminlash rejalari taqdimoti oʻtkazildi.
- Xalq ichida yurib, har bir yoshning muammosini eshitib, nazoratga olib, oxir oqibat hal etib bersak, vaziyat oʻzgaradi. Yoshlar ishlari agentligining asosiy vazifasi shu boʻlishi kerak, - dedi Prezident.
Yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, tadbirkorlikka oʻqitish, biznesi va hunarmandchiligini ochishga koʻmaklashib, bandligini oshirish choralari muhokama qilindi.