Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila boʻlib yashab kelmoqda, 157 ta milliy-madaniy markaz faoliyat koʻrsatmoqda. Bu xilma-xillik koʻp asrlik tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan noyob ijtimoiy hodisa sanaladi.

Yurtimizda milliy madaniyatlarni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash va mustahkamlash, shu orqali yosh avlodni bagʻrikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Do‘stlik bog‘i hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosiga tutash maydonda barpo etilgan, yigirma ikki millatning o‘ziga xos arxitekturasi aks etgan pavilon ham ushbu e’tiborning yorqin tasdig‘idir.

Bu yerda qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqird o‘tovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uyg‘ur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat do‘stlik uylari joylashgan.

Interyerlar oʻsha xalqning milliy anʼanalariga mos holda bezatilgan. Ekspozitsiyalarda esa milliy liboslar, cholgʻu asboblari, dekorativ-amaliy sanʼat namunasi, tarixiy maketlar va madaniy merosni aks ettiruvchi koʻplab eksponatlar oʻrin olgan.

Bugun pavilyonda Navroʻz shukuhi hukm surmoqda, zero, Navroʻz oʻzi bilan birdamlik, yangilanish va yaxshilikka daʼvat kabi ezgu gʻoyalarni olib keluvchi bayramdir.

Davlatimiz rahbari har bir milliy maskan faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi.

Uchrashuvlar chogʻida milliy-madaniy markazlarning umumxalq bayramlarini yuksak ruhda oʻtkazishdagi hissasi alohida eʼtirof etildi. Yuksak vatanparvarligi, fidoyi mehnati bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qoʻshayotgan hissasi uchun turli millatga mansub yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi.

Prezidentimiz pavilyon mehmonlari uchun uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi. Milliy madaniy markazlar vakillari bilan birgalikda suratga tushdi.