Davlatning ham, fermerning ham xirmoni donga toʻladi

    Bu yil Qashqadaryoda g‘alla o‘rimi har yilgidan biroz oldin boshlandi. Ob-havoning o‘zgarishi, quyosh taftining erta ko‘tarilishi natijasida bir hafta oldin boshlagan mavsum bugun ayni avj pallaga kirdi. Hozir vohada  xalq rizqi bo‘lgan bug‘doyni o‘z vaqtida, nes-nobud qilmay o‘rib olish uchun mehnat qilinmoqda, kombayinlar tinimsiz harakatda. 

    Yer haydasang - koʻz hayda, deganlaridek, xazonrezgi vaqtida yerga urugʻ sochgan mirishkorlarimiz mehnatlari samarasi bugun natija bermoqda. Gʻalla omborlariga kirib kelayotgan yuk mashinalarining oxiri koʻrinmaydi. Bundan fermer va dehqonlarning koʻzi quvnab, hosilning choʻgʻi balandligidan faxrlanishmoqda.

    Bobir Bahriddinov Kasbi tumanida bir necha yillardan beri fermerlik qilib keladi. “Fazliddin” fermer xoʻjaligi rahbari sifatida ish boshlagandan beri biror marta belgilangan rejani bajarmasdan qolgan emas. Bu yil ham 60 gektar yerining 15 gektariga gʻalla, qolganiga paxta ekkan. Kuni kecha Kasbi tumanida birinchilardan boʻlib bugʻdoyzoriga oʻrimga tushdi. Bu yil 55 tonna gʻalla oldi.

    — Ilgarilari tinimsiz mehnat qilib, gʻallani yetishtirib, oʻrim mavsumi boshlangach, fermerning dalasiga ega koʻpayib qolar, bizni birov tinglamasdi ham, — deydi B.Bahriddinov. — Hattoki oʻzimiz uchun bir kilo bugʻdoy ololmay qolgan kunlarimiz ham boʻlgan. Shartnomada koʻrsatilgan narx esa xarajatni ham qoplamasdi. Bugun barchasi koʻngildagidek. Narx ham yuqoriladi. Bir soʻz bilan aytganda, mehnatimiz samarasini oʻzimiz koʻrishga imkoniyat yaratildi. Natijada roʻzgʻorimiz but, yashash tarzimiz yaxshilandi. Oʻzimiz uchun kerakli imkoniyatlarni yaratyapmiz. Farzandlarimizni oliygohlarda oʻqitib, yangi mashinalar olyapmiz. Dalada oʻtgan zahmatli kunlarimizning rohatini koʻrish naqadar baxt ekani his qilyapmiz.

    Vohada Kasbi tumani gʻalla yetishtirish boʻyicha yuqori oʻrinlarda turadi. Bu yil ham tumanda 14200 gektarga bugʻdoy ekilib, jami 53 ming tonna, yaʼni 31 ming tonna davlat shartnomasi uchun, qolgani uchta klasterlarga yetkazib beriladi. Bugun tumanning har bir dalasida qishloq xoʻjaligi texnikasi jalb etilgan boʻlib, asosiy maqsad oʻz vaqtida mavsumni yakunlashga qaratilgan.

    — Oʻtgan yili ham belgilangan shartnomaviy rejani ortigʻi bilan bajargandik, — deydi Kasbi tumani hokimi oʻrinbosari Ilyos Qurbonov. — Bu yil ham hosildorlik yomon emas. Nasib etsa, maqsadimizga erishamiz. Buning uchun bemalol gapirishimga asosiy sabab bor. Yaʼni keyingi yillarda dehqon-fermerlarimizning dalaga, oʻz ishiga mehri ancha oshdi. Misol uchun, oldinlari qoʻshni fermerning rejasi past bajarilsa ham yonidagisining hosilini bir grammigacha omborga yigʻishtirib ketilgan. Hozir rejadan qancha ortishidan qatʼi nazar, fermer ixtiyorida qolmoqda. Narxi ham oʻtgan yildan boshlab uch ming soʻmdan belgilandi. Bu esa peshona terining mahsuli, halol mehnatning ragʻbati. Samarasi esa bugun amalda koʻrinmoqda.

    Viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi bergan maʼlumotlarga koʻra, bu yilgi mavsumda voha mirishkorlari 137500 gektarga ekilgan bugʻdoydan davlat buyurtmasi uchun jami 350 ming tonna hosil olishni maqsad qilishgan. Demak, tez orada xirmonlar donga toʻlib, koʻzlangan marra zabt etilgani haqida xushxabarlar tarqaladi.

    Akbar RAHMONOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri