Davlatobod tumani korrupsiyadan xoli hudud bo'la olyaptimi?

    Namanganda joriy yil noyabr-dekabrga belgilangan aksilkorrupsiya oyligi nihoyasiga yetdi.

    Mamlakatimizda jahon miqyosida global muammo sanalgan korrupsiyani jilovlash borasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-iyunda “O'zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmonga imzo chekkandi. Farmon ijrosini so'zsiz ta'minlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Namangan viloyati hokimligi tomonidan “Yo'l xaritasi” tayyorlangan.

    Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisining shu yil 23-avgustdagi 10-sonli bayonida Namangan shahri tarkibidagi Davlatobod tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi doirasida bajarilgan ishlarni keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari ishtirokida muhokama qilish va muddatlari ko'zda tutilgan. 16 ta band, 40 ta yo'nalishni qamragan va tanlangan “Korrupsiyasiz hudud” loyihasiga binoan, korrupsiyaga sababchi omillarni bartaraf etish choralari ko'rilmoqda. Loyihaning avvalgisidan farqli jihati – joriy yil boshida aholi, korxona-tashkilotlar xizmatchilarining fikr-mulohazalari va takliflari inobatga olingan holda shakllantirilgani, xalqchil bo'lgani. Doimiy ravishda Agentlik tarafidan ko'mak va uslubiy tavsiyalar berib turildi.

    Mazkur tuman sektor rahbarlarining yakunlanayotgan 2023-yilga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” yuzasidan amalga oshirilgan sa'y-harakatlarga oid hisoboti bilan yaqindan tanishildi. Xususan, sektor rahbarlari – tuman hokimi Anvarjon Tojimirzayev, tuman prokurori Muhammadali Qirg'izboyev, tuman ichki ishlar bo'limi boshlig'i Jamshid Irisov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig'i Ilhomjon Dolimovlarning erishilgan natijalar va kelgusi rejalar haqida axboroti eshitildi.

    Taqdim etilgan statistik raqamlarga ko'ra, tumanda korrupsiyaviy jinoyatlar soni 2022-yil (6 ta) shu davriga nisbatan 4 taga, ya'ni 60 foizga kamaygan. Jiddiy profilaktika samarasi o'laroq, byudjet tashkilotlarida moliyaviy xato va kamchiliklar barvaqt aniqlanib, qariyb 600 mln. so'm miqdoridagi byudjet mablag'lari noto'g'ri sarflanishi to'xtatildi. Matbuot anjumanida jurnalistlar, ijtimoiy tarmoq va keng jamoatchilik vakillarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytarildi.

    Tuman hokimining joriy yil 8-maydagi qaroriga muvofiq, hokimlik huzurida faollardan iborat Jamoatchilik kengashi tuzilgan va uning nizomi, 11 kishilik a'zolari tasdiqlangan. Xalq deputatlari tuman kengashining shu yil 11-avgust kuni o'tkazilgan 34-sessiyasida tuman prokurorining “Korrupsiyasiz hudud” loyihasiga tegishli hisoboti asosida deputatlar qaror chiqarishgan.

    Ta'kidlash joizki, tuman hokimligi, prokuraturasi, ichki ishlar va adliya bo'limi, Prezident Xalq qabulxonasida fuqarolarni qabul qilish xonalari namunaviy darajada, kuzatuv kamera moslamalari bilan jihozlangan. Davlat xaridlari sohasida korrupsiya va manfaatlar to'qnashuvining oldini olishda sohada ochiqlik va shaffoflikka alohida e'tibor qaratildi. Tumandagi buyurtmachilar davlat xaridlari e'lonlari monitoringini o'zlari kuzatishmoqda.

    Hozirda Davlatobod tumani IIB hisobidagi 34 nafar profilaktika inspektorining barchasi elektron tartibda ham ishlashi uchun zamonaviy planshetlarga ega. Ayni kunlarda esa ularga “bodi” kamera topshirilmoqda. Tuman prokuraturasi sud va huquqni muhofaza qilish organlari bilan kelishgan tarzda korrupsiyaviy murojaatlar, ma'muriy va jinoyat ishlarining hisobot shakli tatbiqan yo'lga qo'yildi. Qolaversa, tuman IIB Davlatobodda sodir etilgan korrupsiyaviy jinoyatlar ro'yxati, qiyosiy-tahliliy ma'lumotlar muntazam yangilanadi.

    Darvoqe, joriy yil 12 oyi davomida Davlatobod tumanida korrupsiya bilan bog'liq ikkita jinoyat, iqtisodiyot soha va tarmoqlarida 162 ta huquqbuzarlik qayd etildi. Jumladan, tuman soliq inspeksiyasining hisobni yuritish va byudjet daromadlarini prognozlashtirish sho'basi davlat soliq bosh inspektori hamda “Agrobank” Davlatobod filiali boshqaruvchisi sobiq o'rinbosariga Jinoyat kodeksining 209- va 210-moddalari bilan jinoiy ish qo'zg'atilgan.

    Fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni kuchaytirish niyatida tumandagi Orzu, Nurobod, Gulshan, Mustaqillik, Porloq, Xalqlar do'stligi, To'quvchi, Davlatobod, Istiqlol va Irvadon mahallalaridagi odamlar gavjum maskanlarga targ'ibot bannerlari ilindi. Istiqlol, Mustaqillik va Porloq MFYlarining markaziy chorrahalaridagi “Led” monitorli ekranlarga videoroliklar har kuni namoyish qilinmoqda. Shuningdek, savdo markazlari, maishiy xizmat ko'rsatish obyektlari, “Yashil” dehqon bozori va “G'irvon” savdo kompleksi atroflariga jirkanch illatga qarshi kurashishga chorlovchi materiallar joylandi.

    Davlat xizmatchilari xizmat xonasiga korrupsiyaning og'ir oqibatlaridan ta'sirchan xabardorlikka undovchi furshetka, flayer va targ'ibot ko'rgazmalari o'rnatildi. Korrupsiyaga uchragan vaziyatlarda murojaat yuborish mumkin bo'lgan aloqa kanallari ro'yxati tuman hokimligi rasmiy veb-saytida yoritildi.

    Davlatoboddagi ta'lim muassasalarining 8-11-sinf o'quvchilari o'rtasida “Korrupsiyaga qarshi birgalikda kurashamiz” mavzusida insholar tanlovi tuman bosqichida 368 nafar o'quvchi qatnashgan. 72-maktab 11-sinf o'quvchisi Madina Sobirxonova birinchi, 58-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi 9-sinf o'quvchisi Samandar Boboyev ikkinchi, 42-maktab 9-sinf o'quvchisi Gulshoda Hasanova uchinchi o'rinni qo'lga kiritib, tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg'alari bilan rag'batlantirilgan.

    Bundan tashqari, Namangan xalqaro aeroportida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag'ishlangan “Ochiq eshiklar kuni”da Namangan viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'limi boshlig'i; viloyat adliya boshqarmasi mas'ul xodimi Ahrorbek Fayzullayev, “Uzbekistan airports” AJ komplaens nazorat bo'limi mas'uli Shohruz Obidov, raqobatni rivojlantirish boshqarmasi vakili Bahromjon Tursunov va aeroport rahbari Muhammadxon Ahmedovlar 19 dekabr sanasida Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimidagi nutqi mazmun-mohiyati, unda ilgari surilgan muhim tashabbuslar bilan o'rtoqlashishdi.

    Doniyor ERMATOV,

    Namangan viloyati hokimligi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo'limi boshlig'i