Maʼlumot uchun: Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boʻyicha respublika kengashi yigʻilishining 2021-yil 22-fevral kungi 4-sonli bayonnomasiga asosan, “Eksperiment tariqasida, jamoatchilik va yetakchi ekspertlarni jalb qilish asosida Namangan viloyatining Davlatobod tumanida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish vazifasi belgilangan.

Tuman – shaharlar kesimida tahlil qilinganda 2020-yilda eng koʻp korrupsiyaviy jinoyatlar Namangan shahrida (242 ta) sodir etilgan.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga yoʻnaltirilgan tizimli choralar koʻrilmoqda. Ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan islohotlarning yana biri “Korrupsiyasiz soha” loyihasi hisoblanadi.

Mamlakatda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish va “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari koʻrilmoqda hamda oliy taʼlim, qurilish, sogʻlliqni saqlash, davlat xaridlari tizimlarida “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2021-yildan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Korrupsiyasiz hudud” loyihasi ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etish ishlari boshlandi.

Tadbirda Agentlik direktori A.Burxanov tomonidan Namangan viloyatining yangi tashkil etilgan Davlatobod tumanida eksperiment tariqasida “Korrupsiyasiz hudud” loyihasini amalga oshirish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar taqdimoti oʻtkazildi.

Namangan viloyat hokimligi, Namangan viloyat IIB, Namangan viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi”da qator aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

1. Manzilli roʻyxat asosida belgilangan muassasa yoki tashkilotga shaxsan tashrif buyurib, xodimlar bilan, shuningdek jamoatchilik vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ochiq muloqot tashkil qilish orqali korrupsiyaga sabab boʻlayotgan omillar va muammolar oʻrganiladi, kompleks yondashuv asosida ushbu korrupsiogen faktor va muammolarni bartaraf qilish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqiladi;

2. Tadbirkorlar va keng aholi vakillari oʻrtasida ijtimoiy soʻrovlar va sotsiologik tadqiqotlar oʻtkaziladi. Bunda aniq hududdagi korrupsiyaning oʻlchovi va latentlik darajasi aniqlanadi hamda korrupsion xavf-xatarlarning tizimga taʼsiriga baho beriladi. Tadbirkorlik faoliyati yuritish va aholining kundalik maishiy hayotida duch kelayotgan ortiqcha byurokratik toʻsiqlar aniqlanadi, aholi va tadbirkorlar uchun qulay korrupsiyadan xoli muhitni yaratish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi;

3. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning hududiy boʻlimlarga tashrif buyurilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi muammolar oʻrganiladi. Korrupsiya bilan bogʻliq huquqbuzarliklar va jinoiy ishlar boʻyicha umumlashtirishlar oʻtkaziladi, har bir sodir etilgan korrupsion jinoyat va huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon bergan sabab va shart-sharoitlar chuqur tahlil qilinadi;

4. Davlat xizmatchilari oʻrtasida “sirli mijoz” tadbirlari oʻtkaziladi, davlat xizmatlarini koʻrsatishdagi suiisteʼmolchilik va sansalorliklarga yoʻl qoʻyayotgan xodim va rahbarlarning faoliyatiga real baho beriladi;

5. Hududda yashovchi fuqarolarning korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatini shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlari oʻtkaziladi;

6. Loyihani amalga tatbiq qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, byudjet mablagʻlaridan foydalanish va davlat xaridlari sohasidagi maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlash choralari koʻriladi, korrupsion holatlarni fosh qilganlik uchun eng yaxshi jamoatchilik nazorati tadbirlari ragʻbatlantiriladi;

7. Loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlarni xalq deputatlari tuman kengashlarida muhokama qilish, erishilgan yutuq va kamchiliklarni sarhisob qilib, ijobiy tajriba kelgusida boshqa hududlardagi ishlarga tatbiq qilinishi moʻljallangan.

Yigʻilish yakunida “Yoʻl xaritasi”dagi har bir band yuzasidan ijrochilarga tegishli vazifalar yuklatildi.