«Dedi-dedi« ortidan ayollar bir-biriga kuch ishlatdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda qizlarning bir-birini sudrab, doʻpposlagani aks etgan video tarqadi.

    Mazkur holat Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida joriy yilning 13-dekabr kuni sodir boʻlgan va unda K.U. (2008-yilda tugʻilgan qiz bola) A.R (2005-yilda tugʻilgan ayol) tomonidan kaltaklangan.

    Aniqlanishicha, voyaga yetmagan K.U. goʻyoki A.R. haqida nomaqbul gaplar aytganini u boshqalardan eshitgach, A.R. istirohat bogʻida qizni yerga yotqizib, beti va tanasiga musht urgan, sochidan tortib yerda sudragan va buni atrofdagilar kuzatib turgan.

    Mazkur holat yuzasidan Kattaqoʻrgʻon tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.

    Jarohat darajasini aniqlash maqsadida K.U. ga nisbatan sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

    «Voyaga yetmagan qizga nisbatan sodir etilgan bunday zoʻravonlik harakatlariga qatʼiy qonuniy chora koʻrilishi shart! Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan oʻz kuzatuvini davom ettiradi« deyiladi tashkilot xabarnomasida.