Dehli universiteti talabalariga oʻzbek tili oʻrgatiladi

    Oʻzbek tili boʻyicha oʻquv kurslari mavjud boʻlgan Hindistondagi uchinchi oliy taʼlim muassasasi

    Dehli universitetida oʻzbek tili va hind oʻzbek ilmiy-madaniy aloqalari markazi ochildi. Bu markaz ikki mamlakatning taʼlim sohasidagi qadimiy rishtalariga yangi mazmun baxsh etadi. Bu haqda Oʻzbekistonning Hindistondagi elchixonasi xabar berdi.

    Xabarda taʼkidlanishicha, erishilgan kelishuvlar Toshkent davlat sharqshunoslik va Dehli universitetlari ilmiy jamoatchiligi tomonidan amalga oshiriladigan qoʻshma loyihalar, oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi taʼlim dasturlari orqali mutaxassislar tayyorlash ishlari uchun huquqiy asos boʻladi.

    Dunyo fanida ilk ilmiy hindshunoslikka Abu Rayhon Beruniy asos solgan. Uning “Hindiston” asari ushbu ilmiy yoʻnalishga tamal toshi boʻlib xizmat qilmoqda va bu kabi tadqiqotlar xozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

    Mamlakatning Hindistondagi elchixonasi markaz faoliyatini yanada takomillashtirish maqsadida oʻzbek tili, madaniyati, tarixi va zamonaviy taraqqiyoti haqidagi maʼlumotlarni qamrab olgan kitoblarni taqdim etgan.

    Dehli universiteti oʻzbek tili boʻyicha oʻquv kurslari mavjud boʻlgan Hindistondagi uchinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Bunga qadar 2004-yildan Dehlidagi Jamiya Milliya Islamiya hamda 2021-yildan Javaharlal Neru universitetlarida ham oʻzbek tili kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.