Qarorga koʻra, 2021-2023-yillarda Oʻzbekistonda xizmatlar sohasini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib, jumladan, quyidagilar belgilandi:

2023-yilga qadar xizmatlar hajmini ikki baravarga oshirish;

aholini kasbga oʻqitishdan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishgacha boʻlgan bosqichlarni qamrab oluvchi “kompleks xizmatlar” koʻrsatishni tashkil etish.

2021-yil 1-iyuldan respublika hududlarida xizmatlar sohasining rivojlanganligi reytingi joriy etilib, “BUSINESS INDICATOR” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimida eʼlon qilinadi.

Bunda har yarim yilda tegishli tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning faoliyati baholanib, natijalari boʻyicha ijobiy koʻrsatkichga ega boʻlganlari – ragʻbatlantiriladi, qoniqarsiz koʻrsatkichga egalari – intizomiy javobgarlikka tortiladi.

2021-yil 1-sentyabrga qadar yirik shaharlarda, viloyat va tuman markazlarida tashabbuskor tadbirkorlar bilan hamkorlikda savdo va koʻngilochar koʻchalar tashkil etiladi. Ularda:

koʻchma savdo obyektlari uchun joylar tadbirkorlarga elektron onlayn-auksion asosida sotiladi;

barcha tadbirkorlarga jamoat xavfsizligi qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritish huquqi beriladi.

Yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki bekor qilinadi.

Shuningdek, bojxona postlari hududidagi boʻsh yer uchastkalari hamda tegishli yoʻl-patrul xizmati postlari hududidagi yer uchastkalari tadbirkorlarga savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish uchun ajratiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan masofaviy (onlayn) taʼlimga asoslangan nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish uchun mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida binolarning mavjud boʻlishi haqida talab bekor qilinadi.