Dehqon xoʻjaliklariga ortiqcha hisoblangan 465 mln soʻm yer soligʻi bekor qilindi

    Samarqand viloyatida dehqon xoʻjaliklariga nisbatan yer soligʻini hisoblashda yoʻl qoʻyilgan xatoliklar bartaraf etilib, 465,6 million soʻm ortiqcha soliq bekor qilindi.

    Bu haqda Biznes-ombudsman maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq, yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat yuritayotgan dehqon xoʻjaliklari uchun yer soligʻini hisoblashda alohida tartib belgilangan. Biroq amaliyotda ushbu talablarga rioya etilmasligi natijasida ayrim tadbirkorlar asossiz moliyaviy yoʻqotishlarga uchrayotgani qayd etilmoqda.

    Soliq kodeksining 435 va 437-moddalariga asosan, dehqon xoʻjaliklariga berilgan qishloq xoʻjaligi yerlari uchun soliq bazasi yer uchastkasining normativ qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda soliq stavkasi normativ qiymatga nisbatan 0,95 foiz miqdorida qoʻllaniladi. Yer soligʻini hisoblashda yer uchastkasining noturar obyekt emas, balki qishloq xoʻjaligi maqsadlariga moʻljallanganligi asosiy mezon hisoblanadi.

    Biznes-ombudsman devoni tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida Samarqand viloyatida 14 ta dehqon xoʻjaligiga nisbatan soliq hisoblashda xatoliklarga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Xususan, 2022–2025-yillar uchun ushbu xoʻjaliklarga tegishli 3,9 gektar yer maydoni normativ qiymatdan kelib chiqmagan holda, noturar obyekt sifatida, yaʼni yuridik shaxslar uchun belgilangan stavkalarda soliqqa tortilgan.

    Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida dehqon xoʻjaliklariga asossiz ravishda ortiqcha hisoblangan 465,6 million soʻmlik yer soligʻi bekor qilinib, fuqarolarning qonuniy huquqlari tiklandi.