Hokim Zoir Aliqulov 35 nafar oʻquvchi tahsil oluvchi filialning 1988-yilda barpo etilgan binosi ayni kunga kelib foydalanishga yaroqsiz boʻlib qolganini inobatga olib, binoni yangilashga qaror qilgandi.

Mahalliy byudjet mablagʻlari hisobiga qayta taʼmirlangan filial bugun oʻquvchilarni oʻz bagʻriga oldi.

“Ancha yillardan beri taʼmirtalab ahvolga kelgan maktab binosi hokim Zoir Aliqulov va prokuror Laziz Hamrayev tashabbusi bilan yangilandi. Bu nafaqat farzandlarimizni, biz ota-onalarni ham quvontirdi”, — deydi ushbu maktabda 25 yil farrosh boʻlib ishlagan Anna momo Ergasheva.

Filial binosi ochilishida ishtirok etgan hokim va prokuror oʻquvchilarga 50 dona badiiy kitob sovgʻa qildi.

Tadbirda oʻquvchi va oʻqituvchilar bilan muloqotga kirishgan hokim Zoir Aliqulov kitobga mehr qoʻyish lozimligini taʼkidlab, oʻquvchilarga darsdan tashqari vaqtlarida kitob mutolaasi bilan mashgʻul boʻlishni tavsiya qildi.

Prokuror Laziz Hamrayev esa, yurist boʻlish ishtiyoqidagi oʻquvchilarga huquqiy savodxonlikni oshiruvchi kitoblarni oʻqishni tavsiya qildi.