Dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq boʻlishi kutilmoqda

    Oʻzgidromet 2025–2026-yillar qish mavsumi uchun mamlakat boʻyicha mavsumiy ob-havo prognozini eʼlon qildi.

    Qayd etilishicha, dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq boʻlishi kutilmoqda. Oʻrtacha oylik harorat normaga nisbatan 1–1,5° baland boʻladi.

    Birinchi oʻn kunlikda havo asosan iliq: — kechasi 0…+5 daraja, — kunduzi +10…+15 daraja.

    Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda harorat keskin oʻzgarib turadi: kechasi +2…+7 darajadan 0…–5 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajadan +2…+7 darajagacha. Oylik yogʻingarchilik miqdori — norma atrofida yoki undan kam boʻlishi kutilmoqda.

    Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq boʻladi. Birinchi va ikkinchi oʻn kunliklarda harorat katta diapazonda oʻzgarib turadi: — kechasi +3…+8 darajadan –3…–8 darajagacha, — kunduzi +10…+15 darajadan –2…+3 darajagacha.

    Uchinchi oʻn kunlikda anomal sovuqlar kutilmoqda: — koʻpchilik hududlarda kechasi –12…–17 daraja, — kunduzi –5…–10 daraja, — Nukus va Urganch atroflarida kechasi –20…–25 darajagacha tushishi mumkin.

    Fevral oyi koʻp yillik normalarga yaqin boʻlishi kutilmoqda. Birinchi oʻn kunlikda anomal sovuqlar davom etadi: kechasi –5…–10 daraja, kunduzi –3…+2 daraja. Ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarda havo sezilarli iliydi: kechasi –2…–7 darajadan +3…+8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajadan +10…+15 darajagacha. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha koʻtarilishi mumkin. Yogʻingarchilik — meʼyor doirasida boʻladi.

    Mazkur prognoz iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtimoliy sovuqlar va noqulay ob-havo sharoitlariga tayyorgarligini taʼminlash maqsadida tayyorlangan.

    Prognoz yakuniy harakterga ega emas, ob-havo sharoitlariga muvofiq oʻzgarishlar boʻlishi mumkin, — deyiladi xabarda.