Dekabr oyida bizni qanday ob-havo kutmoqda?

    Yashil sayyora 1 Dekabr 2022 4623

    Oʻzgidromet dekabr oyida kutilayotgan ob-havo prognozini eʼlon qildi.

    Dekabr – qishning birinchi oyi, bu faslni koʻpchilik qor va sovuq bilan bogʻlaydi.

    Ushbu dekabr oyida ob-havo haqiqatan ham qishki boʻladimi yoki soʻnggi yillarda dekabrda kuzatilayotgan iliq darajali ob-havo bilan hukmronlik qiladimi?

    Bu yilning dekabr oyi nisbatan sovuq havo bilan boshlanadi. 1-dekabrdan haroratning pasayishi boshlandi va 3-5-dekabrga kelib respublika hududining katta qismida termometr ustuni kechalari 4-7o sovuqgacha, kunduz kunlari 0-3o iliqgacha, baʻzi joylarda 1-2o sovuqgacha, shimolda kechalari 10-13o sovuqgacha, kunduz kunlari 4-7o sovuqgacha pasayadi.

    Hatto respublikaning eng janubiy qismida ham sovuq boʻladi, harorat kechalari 0-2o sovuqgacha, kunduz kunlari 3-6o iliqgacha pasayadi.

    Sovuq ob-havo deyarli dekabr oyining birinchi oʻn kunligi oxirigacha saqlanib turadi.

    Respublika boʻyicha 5-dekabrgacha quruq ob-havo boʻlishi kutilmoqda. 5-10-dekabr kunlari davrida respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlari boʻyicha ayrim kunlarda qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi mumkin.

    Dekabr oyining ikkinchi va uchinchi oʻn kunliklarida meʻyoriy qiymatlarga yaqin boʻlgan fonda havo harorati kechalari 2-7o iliqdan 2-7o sovuqgacha, kunduz kunlari 10-15o iliqdan 2o sovuq-3o iliqgacha oʻzgarib turishi kutilmoqda.

    Shuni taʻkidlash joizki, oʻtgan 2021-yilning dekabr oyi oxirgi 20 yil ichida eng iliq yil boʻldi. Ushbu davr uchun 2002, 2011 va 2020-yillarning dekabr oylari esa eng sovuq boʻldi.

    Toshkentda soʻnggi 20 yil ichida dekabr oyidagi eng iliq kunlarda havo harorati 20-23o iliqgacha koʻtarilgan, eng sovuq davrlarda esa harorat kechalari 12-15o sovuqgacha pasaygan edi.

    Taqqoslash uchun shuni aytish mumkinki, meteorologik kuzatuvlarning barcha davrlari (150-yildan koʻp) uchun Toshkentda eng past harorat 20-23o sovuqni tashkil etgan, 1930-yilning dekabr oyida esa 27-29o sovuqgacha boʻlgan.