Xususan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, poyoniga yetgan 2023-yilning dekabr oyida koronavirus tashxisi qoʻyilganlar soni sezilarli darajada oshgan.
Buni Yangi yil bayrami arafasida savdo rastalari, tomoshagoh va boshqa jamoat joylari nisbatan gavjum boʻlgani hamda “omikron” shtammining yangi JN.1 varianti keng tarqala boshlagani bilan izohlash mumkin.
Misol uchun, dekabr oyida COVID-19 oqibatida qariyb 10 000 nafar kishi hayotdan koʻz yumgan, infeksiya tufayli gospitalizatsiya qilinganlar soni noyabr oyiga nisbatan 42 foiz, intensiv terapiya boʻlimiga yotqizilganlar esa 62 foizga oshgan.
Oʻsish dinamikasi kuzatilayotgan hududlar orasida Yevropa va Amerika mintaqasida joylashgan davlatlar yetakchi.
JSST rahbari ushbu epidemiologik vaziyatni hisobga olib, koronavirusga qarshi ehtiyot choralarini izchil davom ettirish zarurligini taʼkidladi.
“Bu borada arzon va ishonchli sinamalar, tavsiya etilgan davolash usullari, tibbiy niqob hamda kasallikka qarshi vaksinalar yaxshi samara beradi. Hukumatlar ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratishlari kerak”, — deb qayd etdi T. Gebreyesus.