Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Yillik isteʼmol narxlari indeksi (INI) 107,3 % ni tashkil etib, oʻtgan yilning shu oyiga (2024-yil dekabr — 109,8 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.
Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 1,5 % ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 % ga hamda aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,7 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan baqlajon (55,9 %), bodring (55,7 %), pomidor (25,1 %), bulgʻor qalampiri (22,9 %), karam (22,8 %), qovoq (10,5 %), anor (7,2 %), uzum (6,7 %), banan (3,5 %), tovuq tuxumi (3,4 %), olma (2,3 %), kartoshka (0,7 %), qoʻy goʻshti (0,5 %) va mol goʻshti (suyaksiz goʻshtidan tashqari) (0,5 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy taʼsir koʻrsatdi.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyatsiyani pasaytiruvchi omil sifatida sabzi (-7,5 %), mandarin (-3,5 %), shakar (-2,6 %), barcha navdagi guruch, guruch oqshogʻi (-1,8 %) va kungaboqar yogʻi (-0,5 %) narxlarining pasayishi muhim hissa qoʻshdi.
Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan benzin (2,4 %), kiyim va poyafzal (0,2 %) hamda propan (1,3 %) narxlarida oʻsish kuzatildi.
Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida mobil aloqa xizmatlari (4,9 %), shahar avtobusida yoʻl haqqi (3,2 %), maishiy chiqindi uchun haq toʻlash (3,0 %), xalqaro yoʻlovchi havo transporti (2,0 %) va repetitorlik (0,8 %) narxlari oshishi asosiy omil boʻlib xizmat qildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.