2025-yilning oxirgi oyi — dekabr iliq boʻldi, uning birinchi yarmi va oxirida bir necha kuni eng iliq boʻlib, havo +13…+18, ayrim joylarda +19…+24 darajagacha isidi. Bu xaqda Oʻzgidromet hisobotida maʼlum qildi.

15-dekabr kuni Oʻzbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib keldi va respublika hududi boʻyicha harorat foni keskin pasaydi. Eng sovuq kechalarda harorat 0…-5 darajagacha, shimolda −8…−13 darajagacha pasaydi, kunduzi esa 0…+2 darajadan koʻtarilmadi.

Respublika boʻyicha sovuq ob-havo bir hafta davomida saqlanib turdi. Oʻrtacha oylik havo harorati iqlimiy koʻrsatkichlardan 2−3 darajaga yuqori boʻldi.

Oʻrtacha bir kecha-kunduzlik havo haroratini iqlimiy meʼyordan ogʻishi

Dekabrda respublika hududi boʻyicha uzoq davom etgan yogʻingarchilik taqchilligi davri tugadi. Oy havoning yuqori namligi va tez-tez yogʻingarchilik boʻlishi bilan ajralib turdi. Respublika markaziy va janubiy viloyatlarining qator tumanlarida yogʻingarchilik kuchli darajaga: tekislikda bir kecha-kunduzda 15−25 mm, togʻ oldi va togʻlarda 30−40 mm gacha, baʼzi joylarda bir kecha-kunduzda 50 mm gachaga yetdi.

Aksariyat viloyatlarda oylik yogʻingarchilik miqdori meʼyordan 150−300 foizni tashkil etdi. Faqat Xorazm viloyatida, Buxoro, Navoiy viloyatlarining katta qismida yogʻingarchilik kam va meʼyor atrofida boʻldi. Toshkent viloyatida, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarining ayrim joylarida oy soʻnggi 25-yil ichida yogʻingarchilik eng koʻp boʻlgan oy boʻldi. Bu oyda yogʻingarchilik yomgʻir, hamda qor koʻrinishida yogʻdi. 31-dekabr kuni Toshkentda ertalab yomgʻir yogʻdi, ammo kunning oʻrtasiga kelib, Yangi yilga bir necha soat qolganida, osmondan katta qor parchalari yogʻa boshladi. Qor parchalari yerning hoʻl yuzasiga tushib, darhol erib ketdi, ammo shahar aholisi va mehmonlariga bayramona Yangi yil kayfiyatini yaratishga ulgurdi.

Bir kecha-kunduz uchun yogʻingarchilik miqdori (mm)

Qor yogʻgandan soʻng oyning ikkinchi yarmida, tekislik hududlarda qisqa muddatli qor qoplami hosil boʻldi. Markaziy hududlar boʻyicha qorning maksimal balandligi 13−25 sm ga yetdi, shimoliy va janubiy hududlarda 1−6 sm ni tashkil etdi. Togʻlarda bu yilgi mavsumdagi birinchi qor qoplami dekabr oyining boshlarida hosil boʻldi. Oyning oxiriga kelib, qor qalinligi 35−85 sm ni tashkil etdi.

Dekabr oyi qor koʻchishi xavfi koʻpayishi bilan ajralib turdi. Qamchiq dovonida va Chimyon tabiiy chegarasi hududida bir necha bor qor koʻchkilari qayd etildi.

Respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kuzatildi, shimolda va choʻl hududlarda esa shamolning kuchayishi 22−25 m/s ga yetdi.

Oʻtgan 2025-yil Oʻzbekistonning bircha hududlarida iliq boʻldi. Oʻrtacha yillik haroratni meʼyordan ogʻishi 1-2 darajani tashkil etdi.

Respublika hududining katta qismida yanvar va fevral oylarida oʻrtacha oylik harorat oʻrtacha koʻp yillik qiymatlarga yaqin boʻlib, mart oyidan dekabr oyigacha esa iqlim meʼyoridan yuqori boʻldi. Meʼyorga nisbatan eng iliq oylar aprel va may oylari boʻlib, bunda oʻrtacha oylik harorat oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 2,5−4,5 darajaga iliqroq boʻldi.

2025-yil 2016 va 2023-yillar bilan bir qatorda Oʻzbekistondagi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yillardan biri boʻldi, bir qator hududlarda (jumladan, Toshkent shahrida) esa eng iliq yillar reytingida birinchi oʻrinni egalladi.

2025-yil juda quruq boʻldi. Respublikaning koʻpchilik viloyatlarida yillik yogʻingarchilik miqdori meʼyorning 50−80 foizni tashkil etdi. Faqat shimoli-gʻarbiy hududlarda va respublikaning eng chekka janubida yil davomidagi yogʻingarchilik miqdori iqlim meʼyoriga yaqin boʻldi.

Hududning katta qismida aprel oyidan noyabr oyigacha boʻlgan barcha oylar quruq va ekstremal quruq boʻlishi qayd etildi. Oʻtgan yilning eng yogʻingarchilik koʻp boʻlgan oyi esa dekabr oyi boʻldi.