“Dekret” va bola parvarishi ta'tili haqida nimalarni bilishimiz kerak?

    Bola parvarishi ta'tilidan bobo-buvilar ham foydalanadimi?

    — Homilador ayol bilan mehnat shartnomasini bekor qilish mumkinmi?

    — Agar shartnoma bekor qilinsa, ayolning nafaqa olish huquqi saqlanib qoladimi?

    Bola parvarishi ta'tilidan bobo-buvilar ham foydalanadimi?

    Yuz.uz tahririyatiga shu kabi murajaatlar kelib tushmoqda. Quyida ayni masalalar bo'yicha mehnat qonunchiligidan kelib chiqib ma'lumot beramiz.

    Homiladorlik va tug'ish ta'tili qancha muddatga beriladi?

    Mehnat kodeksiga ko'ra, ayolga tug'ruqqacha yetmish kalendar kun hamda tug'ruqdan keyin ellik olti kalendar kun (tug'ish qiyin kechgan yoxud ikki yoki undan ortiq bola tug'ilgan taqdirda yetmish kalendar kun) homiladorlik va tug'ish ta'tili berilib, qonunchilikda belgilangan, lekin o'rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo'lmagan miqdorda nafaqa to'lanadi. Homiladorlik va tug'ish bo'yicha nafaqalar barcha hollarda xodimning haqiqiy ish haqidan hisoblab chiqariladi.

    Homiladorlik va tug'ish ta'tili ayolga jamlangan holda hisoblab chiqarilib, tug'ruqqacha haqiqatda foydalanilgan kunlar sonidan qat'i nazar, to'liq beriladi.

    Bola parvarishi ta'tili faqat ota-onaga beriladimi?

    Homiladorlik va tug'ish ta'tili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga ko'ra, unga bolasi ikki yoshga to'lguniga qadar bolani parvarishlash ta'tili berilib, bu davr uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to'lanadi.

    Ayolga uning xohishiga ko'ra, bolasi uch yoshga to'lguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo'shimcha ta'til ham beriladi.

    Bolani parvarishlash ta'tillaridan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham, shuningdek vasiysi ham to'liq yoki qismlarga bo'lib foydalanishi mumkin.

    Bolani parvarishlash ta'tillarining ko'pi bilan olti yili mehnat stajiga qo'shiladi, shu jumladan mutaxassisligi bo'yicha ish stajiga ham qo'shib hisoblanadi.

    Homiladorlik davrida mehnat shartnomasini bekor qilish mumkin emas!

    Qonunchilikka ko'ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko'ra bekor qilishga yo'l qo'yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo'linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.

    Ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagan taqdirda, ish beruvchi ayolning yozma arizasiga binoan va homiladorlik holatini tasdiqlovchi tibbiy ma'lumotnoma taqdim etilgan taqdirda, mehnat shartnomasining amal qilish muddatini homiladorlik tugaguniga qadar, unga homiladorlik va tug'ish ta'tili berilgan taqdirda esa bunday ta'tilning oxiriga qadar uzaytirishi shart.

    Homilador ayol bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ayolning homiladorlik va tug'ish nafaqasini olish huquqi saqlanib qoladi.

    Mehnat kodeksi asosida tayyorlandi