Delegatsiyamiz aʼzolari Osiyo Parlament Assambleyasining 15-yalpi sessiyasida ustuvor tashabbuslarni ilgari surdi

    Avval xabar berilganidek, Oʻzbekiston Oliy Majlisi delegatsiyasi Boku shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo Parlament Assambleyasining 15-yalpi sessiyasida ishtirok etdi.

    “Osiyoda koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda parlament diplomatiyasining oʻrni” mavzusida oʻtgan mazkur yalpi sessiyada Oʻzbekiston parlamentining mintaqaviy va xalqaro munosabatlarni kengaytirishda muhim tashabbuslarni ilgari surish va xalqaro tadbirlarni tashkil etishdagi faol roli alohida taʼkidlandi.

    Oʻz navbatida, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi joriy yil 5–9-aprel kunlari Markaziy Osiyo tarixida ilk bora Toshkent shahrida oʻtkazilishi ham buning yorqin namunasi ekanligi eʼtirof etildi.

    Sessiyada yuqori darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va qonunlarni qabul qilish boʻyicha tajriba almashishda parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish masalalariga urgʻu berildi.

    Muhokama jarayonida delegatsiyamiz aʼzolari tomonidan mintaqamizda ekologik xavfsizlik va iqlim oʻzgarishiga oid masalalarni samarali hal etish uchun saʼy-harakatlarni birlashtirishga doir takliflar bildirildi.

    Bundan tashqari, ishtirokchilar parlament resurslaridan samarali foydalanishda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirishning muhim jihatlariga eʼtibor qaratdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.