JSSTning maʼlumotlariga qaraganda, COVID-19ning britancha — “Alfa” shtammi tarqalgan mamlakatlar soni 185 taga yetdi. Bu bir hafta oldingi holatga nisbatan uchtaga koʻp deganidir.
Janubiy Afrika shtammi — “Beta” ham oʻz geografiyasini kengaytirdi. Yaʼni soʻnggi yetti kun ichida mazkur shtamm yana toʻrtta mamlakatda qayd etildi. Tarqalgan mamlakatlar soni 136 taga yetdi.
Oʻtgan hafta brazilcha shtamm — “Gamma”ning boshqa mamlakatlarda tarqalishi bilan bogʻliq yangi holatlar qayd etilmadi. Ayni paytda mazkur shtamm 81 mamlakatda tarqalgan.
JSSTning qayd etishicha, 2 — 8-avgust kunlari COVID-19ga chalinganlar soni dunyo boʻyicha 4 foizga oshdi. Infeksiyani yuqtirish bilan bogʻliq 4,2 millionta yangi holat aniqlangan. Bu vaqt ichida 65 ming nafardan ziyod kishi koronavirus oqibatida vafot etdi.