Dengiz sathidan 1450 metr balandlikda yangi ko'mir koni ochildi

    Energetika 13 Sentabr 2023 1740

    So'nggi 5 yil ichida mamlakatimizda yillik ko'mir qazib olish hajmi  4 million tonnadan 5 mln 300 tonnaga oshdi.

    Davlatimiz rahbari soha mutaxassislari oldiga ushbu salohiyatdan samarali foydalanish, ishlab chiqarish hajmini yanada ko'paytirish, vazifasini qo'ygan. Olib borilgan izlanishlar natijasida Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi To'polang suv ombori yuqori qismidan yangi ko'mir konini o'zlashtirish boshlandi.

    Yurtimizda hozirgi kunda 44 ta yirik ko'mir konlari mavjud. Ular qatoriga Angren, Sharg'un va Boysun konlari ham kiradi. Yoqilg'iga bo'lgan talabning tobora oshib borishi esa, yurtimizda ham yangi ko'mir konlarini topish va qazib olish sur'atini oshirishga turtki bo'lmoqda. Natijada, To'polang ko'mir koni havzasi kabi yangi konlar ochilmoqda.

    To'polang ko'mir koni havzasi dengiz sathidan 1450 metr balandlikda joylashgan. Ayni paytda ko'mir konidan iste'molchilarga 35 ming tonna ko'mir zaxirasi qazib olinib, etkazib berishga tayyorlab qo'yilgan.

    Ko'mir konida ishlarni jadallashtirish uchun 15 dan ortiq texnikalar jalb etilib, har kuni ko'mir tashish 1000-1200 tonnagacha olib borilmoqda. To'polang ko'mir konida hozircha aniqlangan ko'mir zaxirasi hajmi 11 mln tonna.

    Qazib olinayotgan mahsulot ijtimoiy eng avvalo ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan aholi vakillariga tarqatilmoqda. Manzilli ro'yxat asosida qo'shimcha 20 ming tonna ko'mir etkazib berilishi belgilangan.

    Bugungi kunda Sariosiyo va Uzun tumanlari aholisi uchun ko'mir mahsulotlari etkazib berish rejasiga muvofiq, to'liq ta'minlandi. Denov va boshqa tumanlarga joriy oyning oxirigacha to'liq etkazib beriladi..

    Ko'mirning aholi xonadonlariga manzilli etib borishi uchun Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida 11 ming 441 nafar “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dagi ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar ro'yxati shakllantirildi.

    Hozirgi kunda To'polang ko'mir koni havzasida ko'chkilar bilan bog'liq xavfsizlikni ta'minlash, mahsulot qazib olish jarayonida ko'mir qatlami yotqizimlariga aniqlik kiritish va yangi konlarni o'zlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

    “O'zgidroenergo” AJ axborot xizmati