“Dengizdan uzoqmiz, lekin yoshlar bilimi bizga koʻprik boʻladi” — Shavkat Mirziyoyev

    Siyosat 25 Sentabr 2025 757

    Yoshlarning bilimi dengizdan uzoq Oʻzbekiston uchun koʻprik vazifasini oʻtaydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan oʻzbekistonliklar bilan uchrashuvda qayd etdi.

    «Sizlar boshqalarga nisbatan intilganlaringni, oʻz ertangi kuningizga befarq boʻlmaganingiz, ota-onalaring sizlarga toʻgʻri yoʻl koʻrsatgani uchun mana shu katta davlatda koʻp millatli Oʻzbekiston xalqini vakili boʻlib yuribsizlar. Katta marralarni olib, katta-katta darajalarga yetishga qanot boylaganlaringni koʻrib, men oʻzimga kuch olaman», — dedi davlat rahbari.

    «Millat uchun, mamlakat uchun, xalq uchun nima qilding va seni qadamlaringni xalq qabul qilyaptimi, degan savol meni har safar qiynaydi. Yetti-sakkiz yilda qilgan islohotlarimiz, yangi Oʻzbekistonni eng quyi pogʻonasiga mahallaga tushib, har bir mahallada yoshlar vakilini tashkil qilganimiz, tadbirkorlikni rivojlantirganimizning eng katta pirovard maqsadi xalqimning manfaati, xalqimning ertagi kuni. Bizning qilgan ishlarimizni xalqimiz qabul qilyapti», — dedi prezident.

    Davlat rahbari kelgusi yili BMT Bosh Assambleyasida buyuk ajdodlar haqida taqdimot oʻtkazishini aytdi.

    «Sizlar kechagi bilan bugunning farqiga tez borasizlar. Agar eʼtibor bergan boʻlsalaring, ikkinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotida buyuk bobolarimiz Islom maʼrifati toʻgʻrisida gapirdim. Buxoriy bobo qayerda bor? Moturidiy, Xorazmiy bobo qayerda bor? Beruniy qayerda bor? Kelgusi yil Bosh Assambleyada taqdimot oʻtkazamiz, dedim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Prezident, shuningdek, yoshlar radikalizmdan yiroq boʻlishi, Islomni esa insonparvar va xalqparvar din ekaniga ishontirish kerakligini qayd etdi.

    “Diniy maʼrifat bagʻrikenglik boʻyicha ham juda koʻp ishlar qilyapmiz. Ayniqsa yoshlarimizning, meni juda katta tashvishim — radikalizmdan yiroqroq boʻlishi, Islomning buyukligini, insonparvarligini, xalqparvarligini inontirish, ishontirish. Bir yarim oydan keyin borsanglar, yangi Islom sivilizatsiya markazini ochilishida oʻzlaring qatnashasizlar. Bu markazni nima uchun qilyapman? Ulugʻ merosimizni, buyuk bobolarimiz, kimni biz merosxoʻri ekanligimizni, oʻsha maskanga kirgan inson koʻrib, taʼzim qilib chiqib ketish uchun qilyapman”, — dedi prezident.

    Davlat rahbari yoshlarning bilimi dengizdan uzoq Oʻzbekiston uchun koʻprik vazifasini oʻtashini taʼkidladi.

    «Biz dengizdan uzoqroqmiz, lekin uchta-toʻrtta mamlakat, dengizga borishimiz uchun bitta koʻprik bor — yoshlarning bilimi. Yoshlarimning taʼlimi, fanga bergan eʼtiborimiz, u koʻprik uchta-toʻrtta davlatga borishni ham qisqartiradi. Nima u? Bitta narsa — bilim, taʼlim. Muallim, muallim, muallim, taʼlim, taʼlim, taʼlim, deb men nimaga koʻp gapiraman? Shu narsa bizning rivojlanishimizga zamin yaratadi. Muallimsiz, taʼlimsiz, bilimsiz yangi Oʻzbekistonni qurib boʻlmaydi», — dedi prezident.