Denov tumanidagi savdo majmuasida yongʻin chiqdi

    8 ta kichik savdo doʻkonlarida sodir boʻlgan yongʻinga 9 ta yongʻin-qutqaruv ekipajlari jalb qilindi.

    Surxondaryo viloyati FVB Denov tumanida sodir boʻlgan yongʻin yuzasidan maʼlumot berdi.

    Bugun, 25-iyun tungi soat 02:12 da Denov tumani «Bobur» mahallasida joylashgan «Bek» MCHJga qarashli savdo majmuasi hududidagi 4 ta asosiy va 8 ta kichik savdo doʻkonlarida yongʻin sodir boʻlgan va 90 kvadrat metr maydondagi buyum hamda kiyim-kechaklar yongʻindan zararlangan.

    Voqea joyiga Denov, Shoʻrchi, Oltinsoy, Sariosiyo va Qumqoʻrgʻon tumanlari FVBlarining 9 ta yongʻin-qutqaruv ekipajlari soat 02:20 da yetib borib, yongʻin soat 02:30 da qurshab olingan va soat 03:50 da batamom oʻchirilgan.

    Yongʻin qutqaruvchilarining saʼy-harakatlari natijasida majmuaning boshqa hududlariga yongʻin tarqalishining oldi olingan va 48 ta savdo doʻkoni hamda 500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yongʻin oqibatida tan jarohati olganlar yoʻq.

    Hozirda yongʻin kelib chiqish sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.