Ushbu ommaviy sport tadbiri davlatimiz rahbarining 2020-yil 24-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Surxondaryo viloyati va Denov tumani hokimliklari hamda bir qator sport tashkilotlari hamkorligida tashkil etildi.
“Save Aral – 2021” sport poygalarining o‘tkazilishi aholi orasida jismoniy madaniyatni hamda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish yo‘lidagi bosqichlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. Bunday formatdagi tadbirlar tufayli, yoshidan va jismoniy tayyorgarlik darajasidan qatʼi nazar, ommaviy poygalarda ishtirok etayotgan faol fuqarolar soni tobora oshib bormoqda.
Marafonda surxondaryolik havaskor yuguruvchilardan iborat mahalliy aholi vakillari bilan bir qatorda viloyatning mahoratli va dongdor sportchilari, murabbiylari, yosh va faxriy atletlari ham ishtirok etdi.
3 ming nafardan ziyod ko‘ngilli sportchilar qatnashgan “Save Aral” xalqaro ekomarafoni yakunida finish chizig‘iga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan bir qator yoshlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.