Deputat va'dasini bajardi: Gurlandagi maktab binosi ta'mirlandi

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  Zafar Abduraimovning Xorazm viloyati Gurlan tumani saylovchilari bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida hududdagi 7-umumiy o'rta ta'lim maktabi jamoasi tomonidan murojaat kelib tushgan edi.

    Murojaatda ular hozirgi kunda o'quvchilarning ushbu dargohda ta'lim olishi uchun etarlicha sharoit mavjud emasligini, ta'lim muassasasi ta'mirtalib ahvolga kelib qolganini, qishning qahratonli kunlari va yozning jazirama issiqlarida bolalar qiynalayotganini bildirgan edi. Deputat Z.Abdiraimov yoshlarni zamonaviy ta'lim muassasalarida ta'lim olishi, pirovardida, odamlar hayotdan rozi bo'lishi uchun ushbu muammo echimiga jiddiy kirishdi. Tegishli idora vakillari bilan o'tkazilgan muloqotlar, say'-harakatlar tufayli muammo hal etildi.

    “Deputatimizni doimo saylovchilar orasida ko'ramiz. U kishi har gal murojaatlarimizga e'tibor bilan qaraydi. Ayniqsa, ko'p yillardan buyon bizni o'ylantirib kelayotgan muammolarni tashabbus bilan chiqib, tegishli tashkilotlar ko'magida hal etdi. Fikrlarimizni inobatga olib, muammoning echimida o'z yordamini ayamagan deputatimizga minnatdorchilik bildiramiz”, - deydi 7-umumiy o'rta ta'lim maktabi o'qituvchilari.

    Albatta, bugun xalq bilan muloqotni yo'lga qo'yishda raqamlar ketidan quvish, hisobot uchun ishlash emas, balki chin yurakdan odamlarning dardiga quloq tutib, ularni o'ylantirayotgan masalalarga echim topish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda faol ishtirok etish lozim. Zero, deputatning xalq manfaatlarini ko'zlab faoliyat olib borishi bugunning kun talabidir, deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabarida.