Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021-yilda yoshlar bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida dehqonchilik qilish uchun yer maydonlari ajratib berish belgilandi. Shundan kelib chiqqan holda Qonunchilik palatasi deputatlari, soha mutaxassislari, hokimliklar va sektor rahbarlari ishtirokida hududlarda har 10 gektar ekin yeridan 1 gektarini yoshlarga dehqonchilik uchun ajratishda faol ishtirok etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Aktam Haitov, Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzolari Toshkent viloyatining Boʻka tumanida boʻlishdi. U yerda “Yoshlar daftariga” kiritilgan ishsiz yoshlarga yer ajratib berish va shu orqali oilaviy daromadlarini oshirish masalalariga eʼtibor qaratishdi.
Bugungi kunda Boʻka tumanida paxta ekin maydoni 10 900 gektar, gʻalla ekin maydoni 14 800 gektarni tashkil qiladi. Shundan ishsiz yoshlarga ajratilishi rejalashtirilgan yer maydoni 357 gektardan iborat. Yer oladigan yoshlar soni 1430 nafar boʻlib, ularning oʻrtacha har biriga 25 sotixdan yer ajratib berilishi koʻzda tutilgan.
Deputatlar Boʻka tumanidagi uchrashuvlarida “Achamayli Fayz Baraka” MFY hududidagi “Axmad ota” fermer xoʻjaligida yoshlarga yer ajratish jarayonida ishtirok etishdi. Mazkur fermer xoʻjaligi yerlaridan 26 nafar yoshlarga 0,25 sotixdan yer ajratib berildi.
Dehqonchilik ishini boshlagan yoshlarga yerni ekishga tayyorlash, urugʻ, koʻchat va daraxt ekish hamda ular tomonidan ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotish, shu jumladan ularni tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish toʻgʻrisidagi masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shundan soʻng deputatlar hududdagi aholi tomorqalaridan samarali foydalanish holatlarini koʻzdan kechirib, “Chavlisoy” MFY da joylashgan kooperatsiya usulida tashkil etilgan issiqxona faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.
Ikkinchi kuni ishchi guruh aʼzolari Boʻka tumanidagi “TNA invest tomorqa xizmati” klasteri ochilish marosimida ishtirok etishdi. Klaster ixtiyoridagi 5 gektarlik issiqxona faoliyati, meva-sabzavot mahsulotlarini qurutish, qayta ishlash yoʻnalishlari borib koʻrildi.
Shuningdek, 2021-yilda “Bir mahalla-bir mahsulot tamoyili” asosida aholi xonadonlarida tashkil etiladigan yengil konstruksiyali issiqxonalar, asalarichilikni rivojlantirish va parrandachilikni tashkil etish loyihalarini amalga oshirish, tumanning aholi gavjum maskanlarida “Dala doʻkonlari”ni tashkil etish hamda tumanning 4 ta sektorida tashkil etiladigan “Tomorqa xizmati” MCHJlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Kengash huzuridagi Jamgʻarma hisobidan imtiyozli kredit ajratilishi belgilandi.